Buxoroda kutubxonachilar terimga chiqishga majburlangani aytildi. Rahbariyat buni rad etdi

Jamiyat

image

QALAMPIR.UZ’ga Buxoro viloyatining “Abu Ali ibn Sino” nomidagi axborot-kutubxona markazida xodimlar majburiy mehnatga, ya’ni paxta yig‘im-terimiga jalb qilingani yuzasidan murojaat kelib tushdi. Shuningdek, tahririyatga xodimlar haqiqatdan ham terimga chiqqanini isbotlovchi ma’lumot taqdim etildi.

Unda yozilishicha, Buxoro viloyati Buxoro shahridagi “Abu Ali ibn Sino” nomidagi axborot-kutubxona markazining 32 nafar xodimi joriy yilning 5 oktyabr kuni Buxoro tumanidagi fermer xo‘jaligida 1503,0 kg paxta terib bergan. Shuningdek, murojaatchining bildirishicha, u holat bo‘yicha Mehnat vazirligining qisqa raqami bilan bog‘langan, biroq uning arizasi anonim tarzda qabul qilinmasligi tushuntirilgan.

QALAMPIR.UZ holatga aniqlik kiritish maqsadida axborot-kutubxona markazi bilan bog‘landi. Markaz ma’muriyati tahririyatga xodimlar tomonidan imzolangan rozilik xatini ilova qilib, ular o‘z xohishi bilan, qo‘shimcha daromad olish maqsadida terimga chiqqanini ma’lum qildi. Biroq ularga tergan paxtasi uchun qancha pul berilgani ochiqlanmadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Nigora Jumayeva ayollarni majburiy mehnatga, ya’ni paxta terimiga jalb etgani haqida xabarlar tarqalgandi. Biroq holat yuzasidan Qumqo‘rg‘on tuman hokimligi munosabat bildirib, paxta terimiga chiqqan ayollarning “ko‘ngilli” ekanini, ularning “o‘z ixtiyori” bilan bunga rozi bo‘lganini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Buxoro majburiy mehnat paxta yig'im-terimi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing