Buxoroda nimalar bo‘lyapti? Yana bir talaba o‘z joniga qasd qildi
3-sahifa
−
28 aprel 22938 2 daqiqa
Kecha, 27 aprel kuni Buxoro davlat texnika universitetining yangi qurilgan yotoqxonasining 1-qavatida yashab turgan birinchi kurs talabasi o‘zini osib, joniga qasd qilgani haqida xabar bergan edik. Bugun, 28 aprel kuni ham ushbu universitetning yana bir talabasi sahar soatlarida o‘z joniga qasd qilgan. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, talaba F.D. (erkak) talabalar turarjoyida o‘zini osib o‘ldirgan. Hozirda hududdan talabalarning chiqishi taqiqlangan. Yotoqxona qabriston ustida qurilgani aytilmoqda. Tahririyatga murojaat qilgan boshqa bir talabaga ko‘ra, ushbu surunkali suiqasdlar universitet talabalariga qattiq ta’sir qilyapti. Ular har tong vahima bilan uyg‘onmoqda.
“Bizning ruhiyatimizga juda qattiq ta’sir qilyapti bu. Kattalar kelib holatni o‘rganib, bunaqa ayanchli ishlarni oldini olmaydimi?! Har bir talaba bilan suhbat qilib, ruhiy holatini o‘rganish kerakdir”, deydi murojaatchi.
Biroq QALAMPIR.UZ universitet bilan bo‘glanganda oliy ta’lim muassasasi mas’ullaridan biri bo‘lib o‘tgan suiqasd holatida talabalar bilan alohida ishlar olib borilayotganini, hozirgi kunda vaziyatni yanada chuqur o‘rganish va talabalarning psixologik holatini yaxshilash maqsadida bir qator tadbirlar tashkil etilayotganini bildirdi.
“Jumladan, talabalar o‘rtasidagi psixologik stressni bartaraf etish va ruhiy holatlarini yaxshilash uchun psixologlar tomonidan individual va guruhli suhbatlar olib borilmoqda. Talabalarning jismoniy va ruhiy salomatligini saqlash maqsadida, tegishli soha shifokorlari tomonidan suhbatlar va maslahatlar tashkil etilmoqda. Shifokorlar talabalarga sog‘liqni saqlash, stressni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar bermoqda”, deydi universitet mas’uli.
Holatga aniqlik kiritish maqsadida QALAMPIR.UZ Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov bilan bog‘landi. Uning ma’lum qilishicha, hodisa haqiqatdan ham bugun, 28 aprel kuni soat taxminan 06:20 lar atrofida sodir bo‘lgan.
2005 yilda tug‘ilgan fuqaro F.D. (2-bosqich talabasi) noma’lum sabablarga ko‘ra Buxoro davlat texnika universiteti qoshidagi akademik litseyida joylashgan sport zalining tom qismiga chiqib, bo‘yin sohasidan o‘zini osib, vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Buxoro shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Marhumning Instagram'dagi sahifasiga 27-28 aprel kunlari 3 marotaba o‘z joniga qasd qilish mazmunidagi lavhalarni joylagani aniqlangan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 6 dekabr kuni ham Buxoro muhandislik instituti (hozirgi Buxoro davlat texnika universiteti)ning 23 yoshli talabasi institut yotoqxonasida uksus ichib, o‘z joniga qasd qilgan edi.
Live
Barchasi