Butun dunyo fuqarolarini Yaqin Sharqdan evakuatsiya qilmoqda
Olam
−
21 iyun 4896 2 daqiqa
Ko‘plab davlatlar Eron va Isroildan fuqarolarini aviatsiya, quruqlik va dengiz yo‘llari orqali evakuatsiya qilmoqda. Asosiy yo‘nalishlar Turkiya, Armaniston, Ozarbayjon, Iordaniya va Misr orqali amalga oshirilmoqda.
Quyida o‘z fuqarolarini evakuatsiya qilayotgan davlatlar ro‘yxati:
Avstraliya – Isroil va Eron hududidan fuqarolarni evakuatsiya qilmoqda: kichik guruhlar allaqachon piyoda olib chiqilgan, transport koridorlari va aviatsiya tayyorlanmoqda.
Avstriya, Bolgariya, Chexiya, Vengriya, Gretsiya, Polsha, Portugaliya, Slovakiya, Serbiya va boshqalar Isroil va Erondan Iordaniya, Turkiya, Armaniston va Ozarbayjon orqali fuqarolarini evakuatsiya qilmoqda.
Xitoy – Eron hududidan 1600 dan ortiq kishi, Isroildan esa yana yuzlab odamlar quruqlik va havo yo‘llari orqali evakuatsiya qilindi.
Hindiston – “Sindhu operatsiyasi” ishga tushirildi. 110 nafar talaba Eron hududidan evakuatsiya qilinib, ular Armaniston orqali olib chiqilgan.
Yaponiya – Kawasaki C harbiy samolyotlari orqali taxminan 1300 nafar yaponiyalik Eron va Isroildan evakuatsiya qilinmoqda. Birinchi bosqich allaqachon yakunlangan.
Yangi Zelandiya – Tehrondagi elchixonasini vaqtincha yopgan va ikki xodimni oilalari bilan birga Ozarbayjonga yuborgan.
Janubiy Koreya – Eron hududidan 32 kishi, Isroildan esa 25 kishi quruqlik yo‘llari orqali evakuatsiya qilingan.
Tayvan – Isroildan 36 kishi Iordaniya orqali, Erondan esa 3 kishi Turkiya orqali evakuatsiya qilingan.
Uganda, Serra-Leone, Vetnam – Uganda Eron hududidan 42 talaba va 2 diplomatik xodimni, Serra-Leone 36 kishini, Vetnam esa 18 kishini evakuatsiya qilgan.
AQSH – Davlat departamenti yordam ko‘rsatmoqda va havo hamda dengiz yo‘llari orqali fuqarolarni mintaqadan olib chiqishda ko‘maklashmoqda, biroq amerikaliklar hali Eron hududidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri evakuatsiya qilinmagan.
Ummon va Indoneziya – Ummon Bandar-Abbos porti (Eron) orqali 245 nafar o‘z fuqarosi va boshqa xorijliklarni evakuatsiya qildi. Indoneziya esa fuqarolarini Eron hududidan olib chiqishni boshladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov 30 dan ortiq O‘zbekiston fuqarosi Eron hududidan Turkmaniston va Ozarbayjon orqali muvaffaqiyatli evakuatsiya qilinganini bildirgan edi. Keyinroq, Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligining matbuot xizmati Yaqin Sharqdagi keskinlashib borayotgan vaziyat fonida 109 nafar fuqarosini Eron hududidan zudlik bilan evakuatsiya qilgani haqida xabar berdi.
Live
Barchasi