ChatGPT endi huquqiy va tibbiy maslahatlar bermaydi
Texnologiya
−
03 noyabr 4642 2 daqiqa
Joriy yilning 29 oktyabr kuni OpenAI o‘z xizmatlaridan foydalanish siyosatini yangiladi. Endilikda foydalanuvchilarga ChatGPT orqali huquqiy yoki tibbiy masalalarda maslahat olish taqiqlanadi. Bu haqda kompaniya saytida xabar berildi.
Qayd etilishicha, yangi qoida bilan ChatGPT’ning ta’lim, uy-joy, bandlik, moliyaviy faoliyat va kreditlash, sug‘urta hamda muhim davlat xizmatlari bilan bog‘liq sohalarda ham maslahatlar berishi cheklanadi. Bundan tashqari, ChatGPT endi migratsiya va milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha ham foydalanuvchilarga maslahat bera olmaydi.
“Biz foydalanuvchilardan xizmatlarimizdan to‘g‘ri foydalanishni talab qilamiz. Qoidalar yoki xavfsizlik choralariga rioya qilinmasligi tizimlarga kirish huquqining bekor qilinishi yoki boshqa choralar ko‘rilishiga olib kelishi mumkin”, deyiladi OpenAI bayonotida.
Shuningdek, kompaniya xizmatlaridan tahdid, qo‘rqitish, ta’qib qilish, tuhmat, o‘z joniga qasd qilishni targ‘ib qilish maqsadida foydalanish qat’iyan man etilganini eslatgan. Taqiqlangan faoliyatlar orasida jinsiy zo‘ravonlik, terrorizm, qurol ishlab chiqish yoki undan foydalanish, qimor o‘yinlari ham bor.
OpenAI, shuningdek, o‘z xizmatlarini inson ruxsatisiz uning ovozi yoki realistik tasvirini yaratish, faqat shaxsiy xususiyatlariga asoslanib jinoyat sodir etish xavfini baholash yoki bashorat qilish uchun ishlatishni ham man qildi.
Bundan tashqari, voyaga yetmaganlarning tashqi ko‘rinishini tanqid qilish, ularga nosog‘lom ovqatlanishni targ‘ib qilish yoki yoshga oid cheklovlarga ega mahsulot va faoliyatlarga kirishini ta’minlash ham taqiqlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq OpenAI o‘zining ChatGPT sun’iy intellekt chat-boti uchun bolaning ruhiy holati yomonlashganida ota-onani xabardor qilish kabi yangi nazorat funksiyasini e’lon qilgandi.
Live
Barchasi