Sun’iy intellekt kompaniyalari Pentagonga yordam beradigan bo‘ldi
Olam
−
04 may 1478 2 daqiqa
Pentagon 7 ta sun’iy intellekt kompaniyasi bilan kelishuvga erishganini ma’lum qildi. Ushbu kelishuvga ko‘ra, ularning ilg‘or texnologiyalari Mudofaa vazirligining maxfiy tarmoqlarida qo‘llaniladi. Bu haqda Pentagon rasmiy bayonotida ma’lum qilindi.
Bayonotda Anthropic nomi tilga olinmagan. Sababi, uning Pentagon bilan sun’iy intellektdan foydalanish qoidalari bo‘yicha kelishmovchiliklari bor. Joriy yil boshida Pentagon bu kompaniyani ta’minot zanjiri xavfi deb baholab, uning texnologiyalaridan foydalanishni taqiqlagandi.
Ma’lumot uchun, Anthropic – bu AQSHda joylashgan, sun’iy intellekt xavfsizligi va tadqiqotlariga ixtisoslashgan yetakchi texnologiya kompaniyasidir. Unga sobiq OpenAI xodimlari tomonidan asos solingan bo‘lib, asosiy e’tiborni xavfsiz va ishonchli SI tizimlarini yaratishga qaratgan.
SpaceX, OpenAI, Google, NVIDIA, Microsoft va Amazon veb xizmatlari kabi kompaniyalar (ularning ayrimlari avvaldan hamkorlik qilib kelgan) Pentagonning “Impact Level 6” va 7 darajali maxfiy tarmoqlariga integratsiya qilinadi. Bu esa, harbiylarga ushbu texnologiyalardan kengroq foydalanish imkonini beradi.
Bayonotda Pentagonning asosiy sun’iy intellekt platformasi “GenAI.mil” besh oy ichida 1,3 milliondan ortiq Mudofaa vazirligi xodimlari tomonidan ishlatilgani aytildi. Google esa, allaqachon Pentagon bilan hamkorlik qilyapti. U o‘zining sun’iy intellekt modellarini maxfiy ishlar uchun qo‘llash bo‘yicha yangi kelishuv imzolagan.
Mudofaa vazirligining texnologiya bo‘yicha rahbari Emil Maykl Anthropic hali ham xavf sifatida baholanayotganini aytgan. Biroq u kompaniyaning “Mythos” nomli ilg‘or kiber imkoniyatlarga ega modeli alohida milliy xavfsizlik masalasiga aylanganini ta’kidlagan. Donal’d Tramp esa, o‘tgan hafta Anthropic kompaniyasi yaxshilanib borayotganini aytgan va kelajakda uning Pentagon tomonidan qora ro‘yxatdan chiqarilishi mumkinligiga ishora qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) Apple, Google, Microsoft va boshqa Amerika texnologik kompaniyalarini Isroil va AQSH hujumlariga ko‘maklashishda ayblab, Yaqin Sharqdagi ofislariga zarba berish bilan tahdid qilgan edi.
Oybek Rustamov
Live
Barchasi