Cherkovdagi otishma: Turkiyada markaziy osiyoliklarga hukm o‘qildi
Olam
−
16:47 1828 2 daqiqa
Joriy yilning 6 fevral kuni Istanbul og‘ir jinoyatlar sudi Sariyer tumanidagi Santa-Mariya katolik cherkoviga uyushtirilgan terror hujumi bo‘yicha ikki tojikistonlik va bir rossiyalikni har biri uchun ikki marta umrbod qamoq va qo‘shimcha 143 yil qamoq jazosiga hukm qildi. Bu haqda “T24” xabar berdi.
Istanbuldagi katolik cherkoviga hujum 2024 yil 28 yanvarda sodir bo‘lgan edi. Niqobli ikki kishi ibodatxonaga bostirib kirib, odamlarga qarata o‘t ochgan va voqea joyidan qochib ketgan. Oqibatda 52 yoshli Turkiya fuqarosi Tunjer Jihan halok bo‘lgan.
“Agar hujumchilardan birining quroli ishlamay qolmaganida qurbonlar soni ancha ko‘p bo‘lishi mumkin edi”, deydi cherkov ruhoniysi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, hujum uchun mas’uliyatni “Islomiy davlat” (ISHID) terrorchilik tashkiloti o‘z zimmasiga olgan. Tekshiruv doirasida huquqni muhofaza qilish organlari 60 dan ortiq odamni hibsga olgan. Hujumni bevosita amalga oshirganlar – tojikistonlik Amirjon Holikov va rossiyalik David Tanduyev bo‘lgan. Ular bu ishni “Adam Abu-Darrar al-Shishani” laqabli tojikistonlik Adam Hamirzayevning ko‘rsatmasi bilan qilgan.
Uchala shaxs ham Turkiya Jinoyat kodeksining “Konstitutsiyaviy tuzumni zo‘ravonlik yo‘li bilan ag‘darishga urinish” va “qotillikni og‘irlashtiruvchi sharoitlarda qasd qilib o‘ldirish” moddalarida aybdor deb topilib, har bir modda bo‘yicha umrbod qamoqqa hukm qilingan. Bundan tashqari, sud ularga “og‘irlashtiruvchi sharoitlarda qasd qilib o‘ldirishga urinish” bo‘yicha 143 yil qamoq jazosi tayinlagan.
Yana besh tojikistonlik ham aybdor deb topildi
Tojikiston fuqarosi bo‘lgan Shamshullo Rajabov, Alisher Rahimov, Farruh Soliyev, Abdulaziz Abdullayev va Rasul Ahmadjanov ham ushbu ish bo‘yicha aybdor deb topilgan. Har biriga quyidagi jazolar tayinlangan:
Konstitutsiyaviy tuzumni zo‘ravonlik yo‘li bilan ag‘darishga uringanlik uchun — 15 yil;
Qotillikni og‘irlashtiruvchi sharoitlarda yordam berish va rag‘batlantirganlik uchun — 15 yil;
Qasd qilib o‘ldirishga urinishga yordam berish va rag‘batlantirganlik uchun — 71 yil 6 oy;
Oqibatda har biriga jami 101 yil 6 oy qamoq jazosi berilgan.
Yana ikki shaxs 6 yil 3 oyga qamaldi
Ishdagi boshqa ikki shaxs – Isminali Mirzohonov va Edelxan Inajayev qurolli terror tashkilotiga a’zo bo‘lganlik uchun har biri 6 yil 3 oy qamoq jazosiga hukm qilingan.
Shuningdek, barcha mahkumlar ISHID terror tashkiloti a’zosi ekani ma’lum bo‘lgan, sud 31 nafar ayblanuvchini aybsiz deb topib, oqlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvlroq Turkiyaning Yalova viloyatida ISHID terrorchilik guruhi bilan aloqadorlikda gumonlanib 26 kishi hibsga olingani haqida xabar berilgan edi.
E’zoza Olimova
Live
Barchasi