Erdo‘g‘anning o‘g‘li uning o‘rnini egallashi mumkin – “Bloomberg”
Olam
−
17:09 2348 2 daqiqa
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an 20 yildan ortiq vaqt davomida hukmronlik qilgan mamlakat siyosatida yangi davr boshlanishi belgilari ko‘rinmoqda, uning o‘rnini o‘g‘li Bilol Erdo‘g‘an egallashi mumkin. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “Bloomberg” xabar berdi.
Xabarda Erdo‘g‘anning salomatligi yoki keyingi davrga oid muhokamalar partiya ichida odatda yopiq muhitda saqlanib kelinishiga qaramay, 44 yoshli Bilol Erdo‘g‘anning ismi “eshik ortida” ko‘proq tilga olinayotgani aytilgan.
Shuningdek, nashr Bilol Erdo‘g‘anning otasi bilan birga Saudiya Arabistoni shahzodasi Muhammad bin Salmon bilan uchrashuvdan tortib Pokiston, Malayziya va Qatar safarlarigacha bo‘lgan bir qator tashqi safarlarda ishtirok etgani, uning profilining ko‘tarilayotganidan dalolat sifatida keltirgan. Davlat axborot agentliklarida Bilol Erdo‘g‘anning faoliyatiga oid xabarlar tez-tez e’lon qilinayotganiga e’tibor qaratilgan va bu holat uning ko‘rinishini (yuzini) ko‘proq ko‘rsatish uchun maxsus reja bilan qilingan bo‘lishi mumkinligi aytilgan.
“Bloomberg” bilan suhbatlashgan va ismini sir saqlashni so‘ragan manbalar Bilol Erdo‘g‘anning siyosatga kirishi va ehtimoliy yetakchilik roli Anqaradagi Adolat va taraqqiyot partiyasi (ATP) ortida muhokama qilinayotganini aytishgan. Manbalar Garvard universitetida jamoat siyosati bo‘yicha magistratura darajasiga ega Bilol Erdo‘g‘an “rasmiy bo‘lmagan siyosiy yetakchilik ta’limi” olganini va unga sodiq jamoa tuzayotganini iddao qilishgan. Qolaversa, partiya va hukumat ichidagi yuqori martabali rasmiylarni tanlashda ham u ta’sir ko‘rsatayotgani aytilgan.
“Refleks Data & Research”ning yaqinda “Rajab Toyib Erdo‘g‘andan keyin ATP bosh kotibi sifatida kimni ko‘rishni xohlaysiz?” nomli so‘rovnoma o‘tkazgan.
2386 respondent qatnashgan ushbu so‘rovnomada Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan 33,4 foiz bilan birinchi o‘rinni egallagan. Ikkinchi o‘rinda ATP deputati va sobiq ichki ishlar vaziri Sulaymon Soylu 32,5 foiz bilan joy olgan. Bilol Erdo‘g‘an 14,2 foiz qo‘llab-quvvatlangan, Prezident Erdo‘g‘anning kuyovi va “BAYKAR” turk mudofaa sanoati kompaniyasi raisi Selchuk Bayroqdor 12,9 foiz, parlament spikeri No‘mon Kurtulmush esa 7 foiz ovoz to‘plagan. Bu natija merosxo‘rlik haqidagi munozaralar kuchayayotgan bo‘lsada, saylovchilar tanlovi bilan o‘rtada farq borligini ko‘rsatadi.
E’zoza Olimova