“Chiqish qayerda?” “Time” jurnali Trampga atalgan yangi muqovani chop etdi

Olam

image

“Time” jurnali joriy yilning aprel soni uchun yangi muqovasini e’lon qildi. Unda AQSH Prezidenti Donald Tramp qo‘lida Eron xaritasi bilan tasvirlangan va sarlavha “Chiqish qayerda?” deb yozilgan.

Maqolada aytilishicha, Eron bilan urush Trampni qiyin tanlov oldida qoldirgan – u bir tomondan mojarodan chiqish yo‘lini topishi, boshqa tomondan esa siyosiy kelajagini saqlab qolishi kerak. Oq uy rahbari yaqin maslahatchilaridan xavotirli ma’lumotlar olgan. Jumladan, ma’muriyat rahbari Syuzi Uayls va boshqa yordamchilar urush cho‘zilishi Trampning ommaviy qo‘llab-quvvatlanishiga va noyabrdagi saylovlarga salbiy ta’sir qilishini bildirgan.

So‘rovlar bo‘yicha mutaxassis Toni Fabrizio ham AQSHning Erondagi harbiy operatsiyasi tobora ommabop bo‘lmayotganini ko‘rsatadigan natijalarni taqdim etgan.

Shu bilan birga, maqolada Tramp Eronning yadro tahdidini yo‘q qilishni o‘zining asosiy yutug‘i deb bilayotgani aytiladi. Ammo ayrim maslahatchilar unga vaziyatni haddan tashqari ijobiy ko‘rsatib, real holatni to‘liq yetkazmayotgani ham ta’kidlangan.

Oq uyda esa vaqt kam qolayotgani tushunilmoqda: urushning cho‘zilishi Prezident, uning partiyasi va umuman AQSH jamiyati uchun yanada katta yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin.

Maqolaga ko‘ra, bu mojaro zamonaviy tarixdagi eng yirik neft inqirozlaridan birini keltirib chiqargan, global iqtisodiy o‘sish prognozlari pasaygan. Agar Hormuz bo‘g‘ozi uzoq muddat yopiq qolsa, bu jahon iqtisodiyotini yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Time” nashri Eronning AQSH va Isroil zarbalariga bergan keng ko‘lamli javobi AQSH rahbariyatini hayratda qoldirgani haqida yozgandi. Manbalarga ko‘ra, ayniqsa AQSH Mudofaa vaziri Pit Hegset bunday kuchli javobni kutmagan. U urush boshlanishidan oldin zarbalar katta mojaro keltirib chiqarmaydi, deb hisoblagan. Ammo Eron deyarli butun mintaqa bo‘ylab hujumlar boshlaganida, u vaziyat jiddiylashganini tushungan va “bunga tortilib ketganini” anglagan.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Donal'd Tramp Time

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing