“Ularni yashirib bo‘lmaydi”. Obama o‘zga sayyoraliklar haqida gapirdi
Olam
−
07 may 9719 2 daqiqa
AQSHning sobiq prezidenti Barak Obamaning aytishicha, agar hukumat haqiqatan ham o‘zga sayyoraliklar bilan uchrashganida, buni uzoq vaqt sir saqlab qololmas edi. Bu haqda u CBS telekanalidagi intervyusida aytib o‘tgan.
Obamaning so‘zlariga ko‘ra, Vashingtonda sirlarni saqlash juda yomon yo‘lga qo‘yilgan.
Sobiq prezidentning fikricha, aynan shu sababli agar “AQSH hukumati nazoratidagi qandaydir narsa” haqiqatan ham topilgan, ko‘rilgan yoki suratga olingan bo‘lsa, bu ma’lumot ertami-kechmi nafaqat hukumatga, balki jamoatchilikka ham oshkor bo‘lar edi.
“Qasam ichaman, qaysidir qo‘riqchi allaqachon biror o‘zga sayyoralik bilan selfi qilib, uni sevgilisiga yuborgan bo‘lardi”, degan Obama hazil aralash.
Yil boshida Obama podkastlardan birida ham o‘zga sayyoraliklar mavjud bo‘lishi mumkinligini aytgandi.
“Ular mavjud bo‘lishi mumkin, lekin men ularni ko‘rmaganman. Ularni 51-hududda saqlashmaydi”, degan edi u.
51-hudud AQSH Harbiy-havo kuchlarining juda maxfiy ob’ekti sifatida tanilgan bo‘lib, uning ustidagi havo hududi yopilgan.
Obama shuningdek, agar bu juda katta fitna bo‘lmasa va ma’lumot prezidentning o‘zidan ham yashirilmagan bo‘lsa, hech qanday yerosti maxfiy bazasi yo‘qligini ta’kidlagan.
Keyinroq u koinotning qayeridadir hayot mavjud bo‘lish ehtimoli yuqori ekanini, biroq o‘zga sayyoraliklar Yerga kelgan bo‘lish ehtimoli pastligini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Pentagonga yordam berish uchun o‘zga sayyoraliklar haqidagi hukumat hujjatlarini ochish topshirg‘ini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi