Chikagoda ham “migrantlar ovi” boshlandi – OAV (video)

Olam

image

Kecha, 28 sentyabr kuni tushdan keyin AQSHning Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati (ICE) xodimlari Chikago markazida bir necha kishini hibsga oldi. Bu haqda ABC7 xabar berdi.

Qayd etilishicha, shahar markazi immigratsiya agentlari bilan “to‘lib ketgan”, shuningdek ular shaharning boshqa qismlarida ham patrullik qilgan va atrofni ko‘zdan kechirgan. Hatto Chikago daryosida ham agentlikka tegishli qayiq kuzatilgan.

ABC7'ning yozishicha, federal agentlar norozilik namoyishchilari bilan to‘qnash kelgan. Ularning ayrimlari: “ICE, uyga keting” deya shiorlarini aytgan.

Illinoys gubernatori Jey Robert Pritsker xodimlarning harakatlarini “qo‘rqitish” deb atab, “Amerika shaharlarini militarizatsiya qilishni” to‘xtatishga chaqirgan.

Chikago meri Brendon Jonson ham bayonot berib, “ICE agentlari vahima uyg‘otmoqda va tartibsizlik chiqarmoqda”, degan u. Shuningdek, Jonson ularning ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz purkagichdan foydalanishda davom etayotgani, odamlar esa o‘z huquqlari doirasida Chikago yaqinidagi immigratsiya markazi oldida namoyish o‘tkazayotganini qo‘shimcha qilgan.

Qayd etish joiz, joriy yilning 27 sentyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Oregon shtatining Portlend shahriga immigratsiya siyosatiga qarshi noroziliklarni bostirish uchun qo‘shin yuborishni buyurgandi. U zarur bo‘lsa, “to‘liq kuch”dan foydalanishga ruxsat berishini qo‘shimcha qilgan. Tramp qancha harbiy yuborilishini aniq aytmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp AQSHdagi jinoyatchilik bilan bog‘liq vaziyat haqida fikr bildirib, Chikagoni dunyodagi eng qo‘rqinchli va eng xavfli shahar deb atagandi.

Joriy yilning avgust oyi boshida esa Tramp tartibni tiklash uchun Vashingtonga Milliy gvardiya xodimlarini yuborgan edi. Shuningdek, u jinoyatchilikka qarshi choralar doirasida Vashington politsiyasi federal nazoratga o‘tkazilishini e’lon qilgan. Trampning aytishicha, u shaharni “ilgari hech qachon bo‘lmagandek xavfsiz va go‘zal” qilmoqchi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh migrant Chikago

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing