Chilonzorda kran qulashi oqibatida 1 yigit vafot etdi (video)
3-sahifa
−
09 Sentabr 9305 2 daqiqa
Kecha, 8 sentyabr kuni Toshkent shahar Chilonzor tumanida minorali qurilish krani ag‘darilishi oqibatida 25 yoshli yigit voqea joyida vafot etdi. Bu haqda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, taxminan soat 18:00 larda Chilonzor tumani Tirsakabod ko‘chasida olib borilayotgan qurilish hududida minorali qurilish kranini o‘rnatish jarayonida texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilinmagan. Oqibatda kran qulab tushgan va uni o‘rnatish ishlarini olib borayotgan 2000 yilda tug‘ilgan yollanma ishchi L.A. olgan tan jarohatlari tufayli voqea joyida vafot etgan. Shuningdek, yollanma ishchilar 2004 yilda tug‘ilgan I.Q. hamda 2000 yilda tug‘ilgan M.A. turli jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan Chilonzor tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi “a” va “b” bandlari (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish, odam o‘lishiga, boshqa og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro viloyatida 5 kishi kanalizatsiya quvurida oqib ketgani va ulardan 3 nafarining jasadi topilgani xabar qilingandi. Holat yuzasidan Buxoro viloyati IIB Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) 2-qismi “a” bandi bilan bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari boshlangan.
Live
Barchasi