Chumchuq go‘shtidan “shashlik” qilgan choyxona rahbari jazolandi
3-sahifa
−
03 Sentabr 14554 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida joylashgan choyxonada chumchuq go‘shtidan “shashlik” pishirilayotgani tasvirlangan videolavha tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan viloyat Ekologiya boshqarmasi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, ushbu holat Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi Yangiyo‘l tuman bo‘limi va viloyat Ichki ishlar boshqarmasi post-patrul xizmati xodimlari tomonidan zudlik bilan joyiga chiqib o‘rganilgan.
O‘rganish davomida aniq bo‘lishicha, hozirda Yangiyo‘l tumanida joylashgan choyxonada chumchuq qushining go‘shtidan “shashlik” qilinmayapti. Davlat inspektorlari tomonidan choyxona rahbaridan ijtimoiy tarmoqda tarqalgan holat yuzasidan tushuntirish so‘ralganda, videolavhadagi holat mijozlar sonini ko‘paytirish maqsadida olingan eski tasvirlar ekanini ma’lum qilgan.
Bildirilishicha, hozirda choyxona rahbari chumchuq go‘shtidan “shashlik” tayyorlash holatiga yo‘l qo‘yilmayotganini aytgan hamda inspektorlar tomonidan kelgusida huquqbuzarlik holati takrorlamaslik yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilgan.
Shuningdek, choyxona rahbariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 63-moddasi (G‘ayriqonuniy ov, baliq ovlash mahsulotini, yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni yig‘ish va tayyorlash mahsulotini qabul qilib olish) 1-qismiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan va 4 mln 120 ming so‘m miqdorida jarima chorasi qo‘llanilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro viloyati Peshko‘ tumanida elektr qarmoq bilan baliq tutib, tabiatga 3 mlrd 532 mln 500 ming so‘m zarar yetkazganlar ushlangan edi. Ushbu holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov-surishtiruv harakatlari boshlangan.
Live
Barchasi