“Chust oshi” ham patentlandi
Jamiyat
−
12 iyun 2586 2 daqiqa
“Chust oshi” geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda Intellektual mulk agentligi ma’lum qildi.
Farg‘ona vodiysining eng qadimiy go‘shalaridan biri bo‘lgan Chust nafaqat hunarmandchiligi, balki o‘ziga xos palov tayyorlash an’analari bilan ham mashhur. Bu yerda osh pishirish asrlik tajriba, mahorat va milliy qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan oshpazlik san’ati hisoblanadi.
“Chust oshi” asosan ochiq havoda, baland olovda, alyumin qozonlarda tayyorlanadi. Taomning o‘ziga xos to‘q oltin-jigarrang rangi sun’iy bo‘yoqlarsiz, suyakli go‘sht va piyozning baland olovda qovurilishi natijasida hosil bo‘ladi.
Hududning o‘ziga xos mikroklimati, shuvoq va kiyiko‘t bilan boqilgan qora qo‘chqor go‘shti hamda Gavasoy va Kosonsoy havzalarining tabiiy yumshoq buloq suvi “Chust oshi”ning betakror ta’mi va sifatiga xizmat qiladi.
“Chust oshi”ga geografik ko‘rsatkich maqomining berilishi uning nomi va an’anaviy tayyorlash texnologiyasini huquqiy jihatdan himoya qiladi.
Shu bilan birga, mazkur maqom mahsulot sifatining oziq-ovqat mahsulotlari uchun belgilangan davlat me’yorlariga muvofiqligini kafolatlaydi hamda hududning gastronomik brendini xalqaro miqyosda targ‘ib etish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Bugungi kunda “Chust oshi” gastronomik turizmni rivojlantirish, mahalliy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va o‘zbek milliy madaniyatini dunyoga tanitishda muhim o‘rin tutadi.
Ma’lumot uchun, geografik ko‘rsatkich mahsulotning muayyan hudud bilan bog‘liqligini hamda uning sifati va obro‘-e’tibori aynan shu hududning tabiiy va ijtimoiy omillari bilan chambarchas bog‘liq ekanini tasdiqlovchi intellektual mulk ob’ekti hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq "Andijon devzira oshi" ham geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandi.
Live
Barchasi