Davlatlarning BMTdan qarzi 1,6 mlrd dollarga yaqinlashdi
Olam
−
02 dekabr 2274 2 daqiqa
A’zo davlatlarning Birlashgan Millatlar Tashkiloti oldidagi qarzi qariyb 1,6 milliard dollarga yetdi. Qarzlarni qaytarishdagi surunkali kechikishlar esa BMTning samarali faoliyat yuritish imkoniyatini izdan chiqarmoqda. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, BMT 2024 yilni 760 million dollarlik to‘lanmagan badallar bilan yakunlagan, ularning katta qismi esa hanuz qoplanmagan. Shuningdek, 2025 yil uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan 877 million dollar ham tashkilot hisobiga hali tushmagan. Shu tariqa umumiy qarzdorlik 1,586 milliard dollarni tashkil qilmoqda.
Yilning tugashiga besh haftadan ham kam vaqt qolganda, 193 davlatdan atigi 145 tasi 2025 yil uchun a’zolik badallarini to‘liq to‘lagan. Bir qator asosiy davlatlar, jumladan AQSH hali to‘lovni amalga oshirmagan, Xitoy esa 29 oktyabr kuni barcha summani to‘lagan. Rossiya ham hali badalni to‘lamagan davlatlar qatorida.
“Men davlatlarni badallarini to‘liq va o‘z vaqtida to‘lashga qayta-qayta chaqirdim”, deydi BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish.
Xabar qilinishicha, BMTning 2026 yilgi muntazam byudjeti 3,238 milliard dollarni tashkil etadi. Bu 2025 yilga nisbatan 577 million dollarga (15,1 foizga) kam. Rejada 2 ming 681 ta shtat qisqartirilishi ko‘zda tutilgan, bu hozirgi darajaning 18,8 foizini tashkil qiladi.
Maxsus siyosiy missiyalar ham bu yilgi ko‘rsatkichlarga nisbatan 21 foizdan ko‘proq qisqartirishga duch keladi. Buning asosiy sababi ayrim missiyalarning yopilishi va xodimlar sonining optimallashtirilishi.
Tejamkorlik choralarini kuchaytirish maqsadida BMT ish haqi hisob-kitobini yagona global tizimga birlashtirishni, shuningdek, Nyu-York va Bangkokda umumiy ma’muriy markazlar tashkil etishni rejalashtirmoqda.
Tashkilot kotibiyat, shuningdek, ayrim funksiyalarni xarajatlar past bo‘lgan mintaqalarga ko‘chirish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. 2017 yildan buyon Nyu-Yorkdagi ijara shartnomalarining bekor qilinishi BMTga 126 million dollar tejashga yordam bergan. 2028 yilga qadar esa yiliga qo‘shimcha 24,5 million dollar tejash kutilmoqda.
Live
Barchasi