Mansabdorga aylangan Mirzayorova. Grandlar nishonidagi Husanov

Sport

Qaysidir chet davlatda tomirini o‘zbek qoni oqayotgan futbolchi mamlakat dovrug‘ini oshiraman, dunyoning eng zo‘r jamoalarida to‘p tepib, O‘zbekistonni dunyoga tanitaman deb turgan bir vaqtda, o‘zimizdagilar o‘zaro kelisholmay o‘yinni kech boshlaydi, minglab muxlislarning vaqtini o‘g‘irlaydi, bu esa tabiiyki e’tirozlarga sabab bo‘ladi. Tushunganingizdek, ortda qolayotgan haftada Yevropaning grand klublaridan biriga o‘tishi kutilayotgan Abduqodir Husanov, “Bunyodkor” rasmiysi va IIB xodimi o‘rtasidagi tortishuv hamda Paralimpiada chempioni Asila Mirzayorovaning lavozimga tayinlanishi kabi voqeliklar sport haftaligida diqqat markazida bo‘ldi.  Shu va boshqa mavzular haqida bugun QALAMPIR.UZ’ning Sport dayjestida so‘z ochamiz. Assalomu alaykum.

Abduqodir Husanov Fransiya chempionati ramziy jamoasiga kiritildi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi va Fransiyaning “Lans” klubi a’zosi Abduqodir Husanov mamlakat chempionatining 8-tur ramziy jamoasidan o‘rin oldi. Bu haqda “L’Equipe” xabar berdi.

Liga 1 ning oxirgi turida “Lans” safarda “Renn” bilan bahs olib borib, 1:1 hisobidagi durangga imzo chekdi. 20 yoshli himoyachining mazkur o‘yindagi xatti-harakatlari 7 ballga loyiq ko‘rildi. Husanovdan tashqari “Lans”dan yarim himoyachi Tomasson ham ramziy jamoaga kiritildi. Tomassonning o‘yini esa 8 ball to‘pladi.

Qayd etish joiz, “Renn”ga qarshi bahsda o‘zbekistonlik himoyachining 88,7 foiz uzatmalari aniq chiqqan. Ramziy jamoaga eng ko‘p “Marsel” klubi a’zolari kiritildi. “Janubliklar”dan 3 nafar futbolchining xatti-harakatlari yuqori baholandi.

Husanov “Arsenal”ga o‘tishi mumkin

O‘zbekiston terma jamoasi va Fransiyaning “Lans” klubi a’zosi Abduqodir Husanovga Angliyaning “Arsenal” klubi qiziqish bildirmoqda. Bu haqda “BeFutbol” X sahifasi xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, “Arsenal” klubi Fransiya chempionatining 20 yoshli yulduziga ko‘z tikkan. “Lans” himoyachisi tezkorlik va sovuqqonlik borasida “kanonirlar” a’zosi Uilyam Salibaga qiyoslanmoqda.

Shuningdek, Fransiya OAVda futbolchiga Parijning PSJ klubi ham qiziqish bildirayotgani haqida xabar tarqaldi. Qayd etilishicha, Parij klubi o‘zbekistonlik himoyachini braziliyalik Markinosga o‘rinbosar sifatida ko‘rmoqda. Hozirda PSJ Markinosga o‘rinbosar qidirmoqda, 20 yoshli Husanov esa bu o‘ringa munosib nomzod.

“Lans” klubi kelasi yozda Husanovning transferidan kamida 40 million yevro ishlab olishni rejalashtirgan. Fransuz mutaxassislarining fikricha, uning transfer bozoridagi qiymati 30-40 million yevrogacha oshishi mumkin.

Husanov top-5 chempionatning eng yaxshi yosh himoyachisi deb topildi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Fransiyaning “Lans” klubi a’zosi Abduqodir Husanov top-5 chempionatning 20 yoshgacha bo‘lgan eng yaxshi himoyachisi deb topildi. Bu haqda “Datamb.football” portali xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, Yevropaning yetakchi chempionatlarida 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar orasida himoyaviy harakatlar bo‘yicha eng yaxshi ko‘rsatkich Abduqodir Husanovda qayd etilgan. Himoyachi 93 ball bilan reytingda yetakchilik qilmoqda.

Keyingi o‘rinlarni “Monako” himoyachisi Lamin Kamara (70 ball) va “Valensiya” a’zosi Kristian Moskera (68 ball) band etdi.

Ma’lumot uchun, Husanov joriy mavsum klubining barcha o‘yinlarida ishtirok etdi va himoyadagi ishonchli harakatlari bilan ajralib turdi.

Husanov yilning eng yaxshi yosh futbolchisi bo‘lishga da’vogarlik qilmoqda

O‘zbekiston terma jamoasi va Fransiyaning “Lans” klubi a’zosi Abduqodir Husanov yilning eng yaxshi yosh futbolchisi bo‘lish uchun nomzodlar qatoriga kiritildi. Bu haqda futbol tarixi va statistikasi xalqaro federatsiyasi (IFFHS) xabar berdi.

20 yoshli Husanov Lamin Yamal, Gavi, Arda Guler va boshqa bir qator taniqli futbolchilar qatorida sovrin uchun da’vogarlik qilmoqda. Husanovdan tashqari yana 24 nafar to‘p ustasi yilning eng yaxshi yosh futbolchisi bo‘lish uchun kurashadi.

Husanovga yana 3 ta Angliya klubi qiziqish bildirmoqda

“Lans” klubining o‘zbekistonlik futbolchisini Angliyaning bir qator klublari o‘z safiga qo‘shib olish niyatida. Bu haqda “Daily football” nashri xabar berdi.

Dastlab futbolchiga Londonning “Arsenal” klubidan qiziqish borligi haqida gap-so‘zlar tarqalgandi. Hozirga kelib esa 20 yoshli himoyachiga “Nyukasl”, “Everton” va “Chelsi”dan ham qiziqish bo‘layotgani aytilmoqda.

Ayniqsa, “aristokratlar”ning o‘zbekistonlik futbolchiga og‘iz solayotgani haqida bir necha ingliz nashrlari bong urmoqda.

Husanov “Lans” tizimida jami 63 marta maydonga tushib, 4 ta gol urdi va xuddi shuncha golli uzatmani amalga oshirdi. Transfer narxi 5 million yevroni tashkil etuvchi futbolchining Fransiya klubi bilan shartnomasi 2027 yil yoziga qadar mo‘ljallangan.

Asila Mirzayorova qanday lavozimga tayinlangani ma’lum bo‘ldi 

Parij-2024 Paralimpiadasi g‘olibi Asila Mirzayorova Ijtimoiy himoya milliy agentligida nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha maxsus vakili sifatida ish boshlaydi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, 22 oktyabr kuni Ijtimoiy himoya milliy agentligida bo‘lib o‘tgan tadbirda Mirzayorova yangi lavozimga tayinlangan. 

“Agentligimiz oilasiga yana bir paralimpiya chempioni qizimiz kelib qo‘shildi. Biz Asila bilan Parijda birga ishlashni niyat qilgan edik. Bugun shu niyatimiz amalga oshdi. Asila Mirzayorova Agentlik maxsus vakili bo‘ldi. Agentlik oilasiga xush kelibsiz, Asila! Asila juda kuchli va aqlli qiz. Asila nogironligi bor shaxslar huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanadi. Endi bizning jamoamizda Diyora va Asila kabi chempion qizlarimiz bor. Men ishonaman biz yanada kuchli bo‘ldik va yangi yuksak marralarni birgalikda zabt etamiz!”, deydi Shahnoza Mirziyoyeva.

Tadbirda so‘zga chiqqan Paralimpiada chempioni bildirilayotgan ishonch uchun o‘z minnatdorligini bildirib, agentlik maxsus vakili bo‘lishga rozi bo‘lganining sababini izohladi.

“Men uchun nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha maxsus vakil sifatida ish boshlash katta sharaf va mas’uliyat. Bu vazifa menga nogironligi bo‘lgan insonlar huquqlarini himoya qilish va teng imkoniyatlar yaratishga o‘z hissamni qo‘shish imkoniyatini beradi. Paralimpiya sportchisi sifatida men jismoniy va ijtimoiy to‘siqlarni qanday yengishni bilaman va har bir inson jamiyatning teng huquqli a’zosi bo‘lishi kerak, deb ishonaman”, deydi Mirzayorova.

Tadbir davomida Asila Mirzayorova, maxsus vakil sifatidagi yangi vazifasida davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qilib, inklyuziv muhit yaratishda o‘z hissasini qo‘shishidan mamnunligini alohida bildirdi.

Qayd etish joiz, mazkur Ijtimoiy himoya milliy agentligida Parij-2024 Olimpiadasi chempioni, dzyudochi Diyora Keldiyorova ham Gender tengsizligi va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha maxsus vakil hisoblanadi. 

Ma’lumot uchun, Asila Mirzayorova 1999 yilda Qarshi shahrida tug‘ilgan. U para yengil atletika bo‘yicha Tokio-2020 Paralimpiada o‘yinlari kumush medali sohibi va ikki karra Jahon chempionati g‘olibi hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing