Jinsiy zo‘rlanayotgan eshaklar, qarzdor xalq, o‘limga ketayotgan o‘zbeklar – Hafta tahlili

Tahlil

O‘zbekistonda eshakdan nima maqsadda foydalaniladi? Kulgili savol-a? Aslida bu savol ortida eshaklarning xo‘rlanishi bilan bog‘liq ayanchli qator voqeliklar yotibdi. Eshak quldek ishlatiladigan, savalanadigan, nimtalanadigan, qulog‘i, dumi kesib olinib, azoblanadigan, so‘yilib, go‘shtidan kabob qilinadigan, taassufki, uyat bo‘lsa ham aytaman, hatto, o‘sha ish ham qilinadigan hayvon. Nima qilamiz yashirib? Chirchiqda yana eshak xuddi shu tarzda xo‘rlandi. “Ekolog” jamoat birlashmasining xabar berishicha, 4 oktyabr, aynan Butunjahon hayvonlarni himoya qilish kunida siz videoda ko‘rib turgan eshakning quloqlari kesib olingan, shavfatsiz kaltaklangan va aytganimdek, jinsiy zo‘ravonlik ham qilingan. Bu Markaziy Osiyo mintaqasi, Afg‘onistonda tez-tez uchrab turadigan, ammo miq etilmaydigan holat. Sizningcha, hayvonga shu darajada vahshiylik qilayotgan inson insonga nisbatan yana qanday dahshatli qilmishlar sodir eta oladi? 

Istanbulda ayolni so‘yib ketgan erkak Samarqandda ushlandi

Yodingizda bo‘lsa, Hafta voqealari tahlilining o‘tgan galgi sonida o‘zbekistonlik 36 yashar asl ismi Halimaxon Odilovna Ahmadova bo‘lgan ayol Turkiyaning Istanbul shahri Fotih tumani, Oqsaroy mavzesidagi uyida bo‘g‘zidan pichoqlanib o‘ldirib ketilgani haqida xabar bergan edik. Ushbu jinoyatni sodir etganlikda gumonlanayotgan shaxs ham begona emas, u ham o‘zbekistonlik bo‘lib chiqdi. Gap shundaki, Turkiya politsiyasi ayolni o‘ldirishda gumonlanayotgan 46 yashar Akmaljon Rustamovich qilar ishni qilib, bamaylixotir ayol yashaydigan uydan chiqib kelayotgani aks etgan tasvirlarni qo‘lga kiritgan va uni qidirishga tushgan. Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, erkak allaqachon birinchi reys bilan Turkiyadan qochib, O‘zbekistonga yashirinishga ulgurgan. Turkiya matbuoti u Navoiy viloyatidan bo‘lgani va o‘sha yerda o‘zbekiston huquq-tartibot idorlari xodimlari tomonidan qo‘lga olinganini ma’lum qildi. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov esa QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha, gumonlanuvchi haqiqatdan ham navoiylik, ammo u Samarqandda, tanishining uyida  ushlangan. 

1979 yilda tug‘ilgan ushbu shaxs 2002 yilda ham Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan sudlangan. Navoiy viloyati huquqni muhofaza qiluvchi organi xodimlari u Turkiyadan O‘zbekistonga qaytib kelib, Samarqand viloyati Narpay tumanida yashovchi tanishinikida yashirinib yurganini aniqlagan va uni qo‘lga olgan.

Tugayotgan haftada Turkiyadan jasadi keltirilgan faqat Halimaxon Ahmadova emas. Mamlakatning Chankiri viloyatida ham 40 yashar o‘zbekistonlik ayol o‘zini osib o‘ldirdi. 

Qayd etilishicha, ayol Turkiyada keksa chol-kampirni parvarish qilgan. 30 sentyabr kuni u bog‘da o‘z joniga qasd qilgan. 

Istanbuldagi O‘zbekiston Bosh konsulxonasi ayolning vafotini tasdiqladi va uning jasadi Migratsiya agentligi va O‘zbekistonning Anqaradagi elchixonasi ko‘magi bilan Jizzaxga, qarindoshlariga yuborilganini bildirdi. 

Xorijda bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarning qotillik qurboni bo‘lishi yoki o‘z joniga qasd qilishi bilan bog‘liq holatlar ko‘proq Turkiyada uchramoqda. Deyarli har oyda Turkiyadagi o‘ldirib ketilayotgan yoki o‘zini o‘ldirayotgan o‘zbekistonliklar haqida xabarlar kelib tushadi va ularning aksariyati ayollar. Hukumat, Tashqi migratsiya agentligi bu borada do‘ppini bir chetga qo‘yib o‘ylab ko‘rishi vaqti kelib, o‘tib ham bo‘lyapti.

O‘zbekistonliklarning nafaqat ishga joylashish masalasi, balki ularning psixologik holati, huquqlarining himoya qilinishi, ular bilan bog‘liq jinoyatlarning to‘g‘ri taftish qilinishi kechiktirib bo‘lmas muhim masalaligicha qolmoqda. 

Albatta, jinoyat uchun gumonlanib yoki aybdor sifatida qamoqqa olinayotganlar qilmishiga javob berayotgani ham aniq. Bu borada o‘zbekistonliklarni ham oppoq, qanotsiz farishta, borgan joyini gul qiladi, deb bo‘lmaydi. Masalan shu hafta Istanbulda 6 nafar o‘zbekistonlik giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq jinoyatni sodir etishda gumonlanib qo‘lga olingan. Ular “Moltepa” yopiq turdagi jazoni ijro etish muassasasiga joylashtirilgan.

Tintuv tadbirlari davomida olingan ashyoviy dalillar ekspertizaga yuborilgan. Hozirda tergov jarayoni davom etmoqda. Bu haqda rasmiy axborot taqdim etgan Istanbul bosh konsulligi tularning taqdiri qanday kechishiga aniqlik kiritmagan. 

O‘zbekistonda xalqaro uyushgan narkoguruh a’zolari qo‘lga olindi

Davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona xizmati va Ichki ishlar xodimlaridan iborat guruh O‘zbekistonga kirib kelayotgan 111 kg giyohvand moddani qo‘lga oldi. Qayd etilishicha, sentyabr oyida huquq-tartibot organlari hamkorligida transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi xalqaro tezkor-qidiruv tadbiri o‘tkazilgan. 

Xalqaro uyushgan narkoguruhning 6 nafar a’zosi Farg‘ona, Andijon va Toshkent viloyatida qo‘lga olingan. Jumladan, joriy yilning 13 sentyabr kuni Farg‘ona viloyatida yashovchi shaxs giyohvandlik vositalarini qabul qilib olayotgan vaqtida ushlangan. Tezkor tadbir davom ettirilib, uyushgan jinoiy guruhning Andijon viloyatida yashovchi 2 nafar a’zosi 10 kg “gashish” giyohvandlik vositasini ko‘mib qo‘yilgan joydan olayotgan vaqtida ushlangan.

Jinoiy guruhning Andijon viloyatida yashovchi 2 nafar a’zosi tumanda joylashgan oshxonada 6 ming dollar evaziga 1 kg “opiy” giyohvandlik vositasini sotib olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Toshkent viloyatining Angren shahrida davom ettirilgan tezkor tadbirda esa muqaddam 3 marotaba sudlangan shaxs 5 kg “opiy” giyohvandlik vositasini qabul qilib olgan vaqtida ushlangan. Narkoguruh bir necha yildan beri faoliyat yuritib, respublikaning Andijon, Farg‘ona, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida giyohvandlik vositalarini tarqatish bilan shug‘ullanib kelgan.

Mazkur holat ortidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda va guruhning qolgan a’zolarini qo‘lga olish maqsadida tezkor tadbir davom ettirilmoqda. Rasmiy xabarlarda ushbu giyohvandlik moddalari qaysi mamlakatdan qanday yo‘llar bilan kirib kelganiga aniqlik kiritilmagan. 

Aytish o‘rinliki, joriy yilning birinchi yarim yilligida giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etganlikda gumonlanib, 4195 kishi ushlangan. Ushbu davrda 1 tonna 882 kilogramm giyohvand vositalari hamda 894 225 dona kuchli ta’sir etuvchi dori vositalari muomaladan olib qo‘yilgan. 

Ammo O‘zbekistonda giyohvand moddalar allaqachon davlat idoralarigacha kirib borgan. Odamlar shu yilning aprel oyida Andijon shahar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari xizmat xonasida nasha chekib o‘tirganini unutgani yo‘q. Ushbu voqea ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgach, bo‘lim boshlig‘i va uning o‘rinbosari ishdan olindi, biroq giyohvand moddalar davlat idorasigacha qanday kirib borgani, nasha chekayotganlar uni kimdan olganiga aniqlik kiritilmadi. 

O‘zbekistonning tashqi qarzi 72 mlrd dollardan oshdi

O‘zbekistonliklarning jon boshiga qarzi 1900 dollardan oshdi va ehtimol yil yakunigacha 2000 ming dollardan o‘tishi mumkin. Gap shundaki, Markaziy bank 2025 yilning birinchi yarim yilligi yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 72,2 mlrd dollarga yetganini e’lon qildi. 

Aytilgan miqdordan 36,8 milliard dollari davlat tashqi qarzi, 35,4 milliard dollari esa korporativ tashqi qarz. 2022 yilda qabul qilingan “Davlat qarzi to‘g‘risida”gi qonun bo‘yicha davlat qarzining eng yuqori miqdori YAIMga nisbatan 60 foizdan oshmasligi zarur. Hozirda O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi miqdori YAIMga nisbatan 62 foizni, davlat qarzi esa YAIMga nisbatan 38 foizni tashkil etmoqda. Qayd etish joiz, 2024 yilning mos davrida mamlakat jami tashqi qarzi 56,6 mlrd dollar bo‘lgan. Shundan 31 mlrd dollari davlat tashqi qarzi, 25,6 mlrd dollari korporativ tashqi qarz edi. 

Qayd etilishicha, eksport hajmining importga nisbatan yuqoriroq sur’atlarda o‘sishi natijasida savdo balansining manfiy saldosi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 20 foizga qisqarib, 6,4 mlrd dollarni tashkil qilgan. Xususan, jami eksport hajmi 29 foizga oshib, 16,6 mlrd dollarni tashkil qilgan bo‘lsa, jami import hajmi 10 foizlik o‘sish bilan qariyb 23 mlrd dollarga yetgan. 

2025 yilning I yarmi davomida mamlakatga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning sof kiritilishi 2024 yilning mos davriga nisbatan 42 foizga o‘sib, 1,6 mlrd dollarga teng bo‘lgan. Portfel investitsiyalarning sof jalb qilinishi asosan xalqaro obligatsiyalar bilan bog‘liq operatsiyalar hisobiga 3,1 mlrd dollarni tashkil qilgan. Yuqoridagi tarkibiy omillar hisobiga hisobot davri yakuni bo‘yicha moliyaviy hisob manfiy saldosi 895,9 mln dollarni tashkil etgan.

“Oxirgi 3 oyda tashqi qarzimiz 3,8 milliard dollarga, oxirgi 1 yilda esa 15,6 millard dollarga ko‘paygan. Oxirgi 3 oyda davlat tashqi qarzi 1 milliard dollarga, oxirgi 1 yilda 5,8 milliard dollarga oshgan. Korporativ deyiladigan, asosan, samarasiz va zararkunanda davlat banki va kompaniyalarining qarzi oxirgi 3 oyda 2,8 millard dollarga, oxirgi 1 yilda 9,8 millard dollarga ko‘paygan. Jon boshiga tashqi qarz 2025 yil 1 iyul holatiga 1 907 dollarga yetgan (o‘tgan yilning shu davrida 1 524 dollar edi). Yuqori ehtimol bilan jon boshiga tashqi qarz yil yakuni bilan yoki undan ertaroq 2 000 dollarlik chegaradan o‘tishi mumkin”, deydi iqtisodchi-bloger Otabek Bakirov. 

Jamoatchilik tashqi qarzning kun sayin ortib borishiga e’tiroz bildirib kelishiga qaramay, Hukumat aholini qarz olishning foydalari va bundan qo‘rqmaslikka ishontirib keladi. 

2024 yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining tashqi qarzi 33,7 milliard dollar, ichki qarz esa 6,5 mlrd dollarni, jami qarzdorlik YAIMga nisbatan 35 foizni tashkil etgandi. 2025 yil tugashiga esa sal kam uch oy vaqt qoldi. Sizningcha, bu yilni qancha qarz bilan yopamiz? 

Ismoil Jo‘rabekov 94 yoshida vafot etdi

Prezident Karimovga maslahatchilik qilgan, O‘zbekiston Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – qishloq va suv xo‘jaligi vaziri lavozimlarida faoliyat yuritgan, kulrang kardinal nomini olgan Ismoil Jo‘rabekov 94 yoshida 29 sentyabr kuni vafot etdi. 

Ismoil Jo‘rabekov 1931 yil 12 sentyabrda Samarqand viloyatida tug‘ilgan. U qishloq xo‘jaligi va suv resurslari sohasida uzoq yillar rahbarlik lavozimlarida ishlab, mamlakat taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan.

Jo‘rabekovning nomi O‘zbekiston siyosiy doiralarida alohida hurmat bilgan tilga olinadi. 1990 yillarda davlat agrosanoatini boshqargan, 1994-1998 yillarda Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri, 2000-2004 yillarda esa O‘zbekiston Prezidentining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha davlat maslahatchisi, Hukumat raisi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan Jo‘rabekov mamlakatda eng og‘ir o‘tish davrlarida turli topshiriqlarni bajarishda jonbozlik ko‘rsatgan. Hatto, hayotini xavf ostiga qo‘ygan. U Birinchi Prezident Islom Karimovning so‘zini ikki qilganlardan biri sanaladi.

Marhum o‘z xotiralarida Islom Karimov unga O‘zbekiston va Afg‘onistonni bog‘lab turuvchi ko‘prikni portlatib yuborishni buyurgani, biroq u buni amalga oshirmay, ikki xalq o‘rtasidagi munosabatlarni saqlab qolganini aytgan.

Jo‘rabekov 9–11 chaqiriqlarda O‘zbekiston SSR Oliy Soveti deputati bo‘lgan. U “Buyuk xizmatlari uchun”, “Do‘stlik” ordenlari, shuningdek, Tojikiston va sobiq ittifoqning bir qator yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlangan.

Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Jo‘rabekov vafoti munosabati bilan uning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi. 

“Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarimizni amalga oshirishda Ismoil Jo‘rabekov mo‘’tabar yoshda bo‘lishiga qaramasdan, suv xo‘jaligi vazirining maslahatchisi sifatida xizmat qilib, o‘zining boy bilim va tajribasi, qimmatli maslahatlari bilan sohani rivojlantirish, yosh kadrlarni tarbiyalash ishlarida faol ishtirok etdi.

Taniqli davlat va jamoat arbobi, samimiy va kamtarin inson, yoshlarning mehribon ustozi Ismoil Jo‘rabekovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi”, deyiladi ta’ziyanomada. 

O‘sha kuni Shavkat Mirziyoyev qisqa muddatli mehnat ta’tiliga chiqdi. Uning Ismoil Jo‘rabekov dafn marosimida ishtirok etgan-etmagani haqida ma’lumot yo‘q. Prezidentning ta’tili qancha vaqt davom etishi va ta’tilni qayerda o‘tkazishiga ham aniqlik kiritilmagan. Kelasi hafta, 6-7 oktyabr kunlari esa Ozarbayjonning Gabala shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining 12-sammiti bo‘lib o‘tadi va unda Shavkat Mirziyoyevning ham ishtiroki kutilmoqda. 

Toshkentda 50 yoshli erkak o‘zini 10-qavatdan tashladi

Toshkentda 50 yoshli erkak Olmazor tumanida joylashgan “Olmazor siti” turarjoy majmuasining 10-qavatidan tashlab, vafot etdi. 

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, olib borilgan tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, erkak oxirgi vaqtlarda ichkilikka ruju qo‘ygani, bir kun oldin uyiga mast holatda kelgani uchun turmush o‘rtog‘i uyga kiritmagani, ertasi kuni uyiga kirib, turmush o‘rtog‘i bilan yana o‘zaro janjallashgani sababli yotoqxonasining derazasidan, ya’ni 10-qavatdan o‘zini tashlab, o‘z joniga qasd qilgan.

Sud-tibbiyot ekspertizasining dastlabki ma’lumotnomasiga ko‘ra, erkakning o‘limi “Bosh ko‘krak qafasi qorin va tanasining to‘mtoq jarohati, kalla gumbaz suyaklari asosiga o‘tib sinishi, bosh miya pardalari va to‘qimalariga qon quyulishi, to‘sh suyagi va ikki tomonlama qovurg‘alar sinishi, chap o‘pka yirtilishi” oqibatida sodir bo‘lgan.

Ayni vaqtda Olmazor tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, har yili 727 mingdan ortiq odam o‘z joniga qasd qiladi. O‘z joniga qasd qilish 15 yoshdan 29 yoshgacha bo‘lgan odamlar o‘limining uchinchi sababidir. Dunyo bo‘ylab o‘z joniga qasd qilishlarning 73 foizi past va o‘rta daromadli mamlakatlarda sodir bo‘ladi. 

O‘zbekistonda o‘z joniga qasd qilish holatlari, asosan, ayollar va o‘smirlar bilan ko‘p uchramoqda. Bundan bir necha yil avvalgi tadqiqotlar bo‘yicha O‘zbekiston Markaziy Osiyoda o‘z joniga qasd qilish bo‘yicha uchinchi o‘rinni egallagan edi. 

Boshqa ko‘plab mamlakat qatorida O‘zbekistonda ham o‘z joniga qasd qilish bilan bog‘liq holatlar va umumiy statistika qattiq qo‘riqlanadigan axborotlar sirasiga kiradi. Ommaviy axborot vositalari e’lon qilayotgan xabarlar esa jamoatchilik orasida muhokamalarga sabab bo‘lgandan keyin kun yuzini ko‘rgan. Mamlakatda o‘z joniga qasd qilganlar orasida ruhiy kasal, asabiy xarakter, xulq-atvorida salbiylik alomatlari yuqori bo‘lgan kishilar eng ko‘p – 45 foizni tashkil etadi. Oilaviy janjallar xususan, er-xotin, qaynona-qaynotalar, erning qavm-qarindoshlari yoki o‘zining boshqa birovlar bilan janjallashib qolishi tufayli suitsid sodir etganlar miqdori 13,7 foiz.

Shuningdek, moddiy-maishiy jihatdan kam ta’minlanganlik (2,3 foiz), giyohvandlikka ruju qo‘yish, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘ya olmaslik (1,7 %), rashk tufayli (0,7 foiz) ishxonadagi kelishmovchiliklar, boshqa birovning shaxsga tegadigan darajada haqorat qilishi (0,3 foiz) va boshqalar (sevgani bilan janjallashib qolishi, o‘qishga kira olmasligi, farzand kasalligi yoki yo‘qligi, pulini yo‘qotish, boshqalar bilan ziddiyat) – 17,6 foizga yetgan.  

Hozirda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish, vasvasaga tushib qolganlarni aniqlash va ular bilan ishlash tartibi mujmal. Masalalar asosan oila va mahalla ichida qolib ketadi. Muammolar esa suitsid amalga oshirilgach yoki unga urinish sodir etilgach, o‘rtaga tashlanadi. Suitsid bilan odatda diniy qoralov orqali kurashiladi, tibbiy va psixologik yordam ikkinchi darajaga qo‘yiladi. Xo‘sh, sizning bu haqdagi fikringiz qanday? Izohlarda albatta yozib qoldiring. 

Tok urib vafot etgan 11 yoshli qizchaning onasi erini pichoqlab o‘ldirdi

Yodingizda bo‘lsa, shu yilning may oyida poytaxt Toshkentning Mirobod tumani, Amir Temur ko‘chasidagi savdo do‘konlaridan birining tom qismiga ukasining o‘yinchog‘ini olib tushish uchun narvon yordamida chiqqan 11 yashar qiz tom qismiga yaqin joydan o‘tuvchi elektr tokini ushlab olgan va tok urishi oqibatida voqea joyida vafot etgandi. 

Endi uning onasi turmush o‘rtog‘ini pichoqlab, o‘ldirdi. Voqea joriy yilning 27 sentyabr kuni sodir bo‘lgan. Gap shundaki, 39 yashar ayol o‘zaro janjal sabab oshxona pichog‘i bilan 35 yashar turmush o‘rtog‘ining ko‘krak qafasiga tan jarohati yetkazgan. Oqibatda erkak voqea joyida vafot etgan. 

Mazkur holat yuzasidan ayolga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi (ushlab turish asoslari) tartibida ushlangan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

O‘zbekistonda “antikvar” avtomobillar uchun alohida raqam beriladi

Dang‘illama to‘y, ko‘z-ko‘z qilinadigan Umra safari va qora Gentra orzusida yashaydigan o‘zbekistonliklar uchun chiroyli avtoraqamlarni auksionsiz to‘g‘ridan to‘g‘ri sotib olish imkoniyati berilyapti. Yangi pullik qulaylikka ko‘ra, auksionga chiqarilgan va sotilmagan 1- va 3-toifadagi davlat raqami belgilari yagona oshirilgan to‘lov asosida sotuvga qo‘yiladi. 

Raqamlarning to‘lov miqdori jismoniy shaxslar uchun BHMning 17 baravari (7 mln 4 ming so‘m), yuridik shaxslar uchun esa BHMning 25 baravari (10 mln 300 ming so‘m)ni tashkil etadi.

Xaridor hudud, ma’qul avtoraqam, raqam formati (gorizontol, kvadrat), avtomobilning dvigatel turini tanlaydi. 

1 oktyabridan boshlab Respublika tovar-xomashyo birjasida davlat raqami belgilarining savdosi bekor qilindi.

“Antikvar” avtomobillar uchun esa alohida davlat raqami belgilari joriy etilishi mumkin. Bu haqda Ichki ishlar vazirligining “O‘zbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlariga yo‘l harakat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” qaror loyihasida so‘z borgan.

Qaror loyihasiga muvofiq 2026 yil 1 yanvardan boshlab:

  • ochiq konlarda (karerlarda) ishlovchi o‘zi ag‘daruvchi yuk avtomobillari davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi;
  • umumiy vazni (yuki bilan) 44 tonnadan ortiq bo‘lgan “N3” va “O4” toifadagi yuk tashuvchi va maxsus transport vositalari hamda ochiq konlarda (karer) ishlovchi o‘zi ag‘daruvchi yuk avtomobillari, shuningdek, “antikvar” avtomobillar uchun alohida ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilari joriy etiladi;
  • ishlab chiqarilganligiga 50 yil va undan ortiq bo‘lgan avtomototransport vositalaridan foydalanish, ularni qayta ro‘yxatga olish taqiqlanadi hamda ular davlat ro‘yxatidan chiqariladi (“antikvar” avtomototransport vositalari bundan mustasno).

Ushbu qaror loyihasi bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi joriy yilning 26 sentyabr kuni boshlangan va 11 oktyabrgacha davom etadi.

Shuningdek, 1 noyabrdan boshlab avtomobilga gaz ballon o‘rnatilganidan so‘ng “texpasport” (avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma)ni almashtirish talab etilmaydigan bo‘lyapti. Endi avtomashina gaz quyish shoxobchasiga kirganda uning texnik ko‘rikdan o‘tganligi avtomatik tarzda tekshiriladi. Agar texnik ko‘rik muddati tugagan bo‘lsa, tizim operatorga xabar beradi. Shuningdek, agar yoqilg‘i turi mos kelmasa yoki ballon ro‘yxatdan o‘tkazilmagan bo‘lsa, tizim bu haqda ham operatorni shu joyning o‘zida ogohlantiradi. 

Dasturimizni eshak qanday xo‘rlangani va zo‘rlanganini hikoya qilishdan boshlagandik. Bu O‘zbekistondagi birgina eshakning taqdiri. Yuzlab, balki minglab eshaklarning dardi ichida, ingroqlari ortiga yashiringan. Chirchiqdagi quloqlari kesib olingan eshakni “Ekolog” jamoat birlashmasi valontyori Alisa Tixomirova o‘zining “Dom dobra” – “Ezgulik uyi” hayvonlar boshpanasiga olib borgan. Bu yerda hozirda 200 ga yaqin it va bir necha qutqarilgan eshaklar bor va Tixomirova ularni o‘z mablag‘lari hisobidan parvarishlab kelmoqda. Bugungi odamlar mehrga hech muhtoj emas, qancha bersangiz kam, odam zoti to‘ymaydi ham, bilmaydi ham. Hayvonlarga mehr beravering. Qilsa, vafoni it qiladi. 


Maqola muallifi

Teglar

Istanbul Samarqand avtoraqam Ismoil Jo'rabekov gashish tashqi qarz opiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing