Deputatlar bolalar himoyasiga oid qonun loyihasini rad etdi

Jamiyat

image

Bugun, 17 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi va deputatlar tomonidan mas’ul qo‘mitaga qaytarildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, qonun loyihasida ta’lim tashkilotida bolalarni tarbiyalash, ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlar zimmasiga yuklatilgan shaxs tomonidan tarbiya va ta’lim berish jarayonida bolaga nisbatan zo‘ravonlik holatlari sodir etilganligi uchun ma’muriy javobgarlik belgilanishi nazarda tutilgan.

Notariuslar zimmasiga bolani farzandlikka berish (olish), bolani vasiylikka yoki homiylikka berish haqida arizadagi imzoning haqiqiyligi shahodatlanganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga taqdim etib borish majburiyati yuklatilishi belgilangan.

Vasiy yoki homiy o‘z yashash joyini o‘zgartirmoqchi, shu jumladan, boshqa mamlakatga ko‘chib ketmoqchi bo‘lsa, vasiylik va homiylik organining yozma ruxsati va vasiylikka olingan 10 yoshga to‘lgan bolaning roziligi talab etilishi nazarda tutilgan. Shuningdek, loyihada ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola foydasiga ota-onadan yoki ularning biridan undirilishi belgilangan aliment miqdorini kamaytirish bo‘yicha ishlarda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari vakilining ishtiroki qayd etilgan.

Shu bilan birga, qonun loyihasida Ijtimoiy himoya milliy agentligining hududiy bo‘linmalari ota-ona yoki ota-onalik huquqidan mahrum qilingan shaxslardan bolaning sog‘lig‘ini tiklash va reabilitatsiya qilish uchun qilingan qo‘shimcha xarajatlarni bola foydasiga undirish haqida kiritilgan arizalar bo‘yicha davlat boji to‘lashdan ozod etilishi belgilangan.

Shuningdek, yetim bola yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolani vasiysi (homiysi), tutingan ota-onasi yashaydigan joyga ro‘yxatga qo‘yganda ham davlat boji to‘lashdan ozod etish taklif etilgan.

Qizg‘in o‘tgan majlisda deputatlar tomonidan loyiha yuzasidan ayrim e’tirozlar bildirilgan. Undagi ayrim moddalarni qayta ishlash va maromiga yetkazish bo‘yicha takliflar ilgari surilgan. Uzoq davom etgan muhokamalar, savol-javoblardan so‘ng, qonun loyihasi mas’ul qo‘mitaga qaytarilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva mas’ul rahbarlar bilan ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilishni ta’minlash masalalarini muhokama qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

qonun loyihasi bolalar himoyasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing