Voyaga yetmaganlarga uyatsiz harakatlar qilganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi
Jamiyat
−
15 Sentabr 4810 2 daqiqa
O‘zbekistonda 16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan telekommunikatsiya tarmoqlaridan yoki internetdan foydalanib, uyatsiz harakatlar qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda “Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi. Shuningdek, bolalarni turli zo‘ravonliklardan himoya qilishga qaratilgan ishlar amalga oshirilishiga qaramay, bu boradagi nomaqbul harakatlar kamaymayotgani aytildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilning 8 oyida voyaga yetmaganlarga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish jinoyati 36 foizga ortgan.
Mazkur qonun loyihasi bilan Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga voyaga yetmaganlar himoyasi yuzasidan qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Bundan tashqari, voyaga yetmaganlarni jabrlanuvchi yoki guvoh sifatida so‘roq qilish muddatlari ham aniq belgilanmoqda. Ya’ni, davomiyligi 1 kun etib belgilanyapti. Shu bilan birga, bu jarayonlarda ularga javobgar shaxslar ham birgalikda ishtirok etishi mumkinligi nazarda tutilmoqda.
“Qonun loyihasi voyaga yetmagan farzandlarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilishda muhim o‘rin tutadi”, degan fraksiya a’zosi Sayyora Imomova.
Fraksiya muhokamalarida bildirilgan takliflardan so‘ng tegishli qarorlar qabul qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanida 2002 yilda tug‘ilgan yigit voyaga yetmagan qizga shahvoniy harakatlarni sodir qilgani uchun 4 sutkaga qamalgandi. Toshkent shahrida 10 yoshli o‘quvchi qizga shahvoniy shilqimlik qilgan o‘qituvchiga ham ma’muriy qamoq jazosi tayinlangandi.
Live
Barchasi