Diyora Usmonova birinchi turmushida kaltaklanganini aytdi (video)

Jamiyat

image

O‘zbekiston birinchi xonimining jiyani Diyora Usmonova milliarder Alisher Usmonovning jiyani, marhum Bobur Usmonov bilan birinchi turmushida bo‘lgan oiladagi zo‘ravonlik haqida gapirdi. Shu haqdagi videoni u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga joyladi.

Diyora Usmonovaning yozishicha, shuncha vaqt o‘tib, turmush o‘rtog‘ining o‘limidan so‘ng bu voqealar haqida gapirishiga sabab uning hikoyasi oilasidagi zo‘ravonliklarga chidab kelayotgan ayollarning qarashlarini o‘zgartiradi, deb hisoblashidir.

“(Bu) 21 yoshimdan 25 yoshgacha boshdan kechirgan hayotim haqida. Hatto, 19 yoshdan boshlangan, desak ham bo‘ladi. Men birinchi erim bilan qiyin munosabatlarda edim, shunga qaramay unda juda ko‘p sevgi va ehtiros ham bor edi. Biz bir-birimizni sevardik va turmushimiz uchun juda qattiq kurashdik. Keyinchalik, u menga qo‘l ko‘tara boshladi. Bu kaltaklashlar to‘rt yil davom etdi, miya chayqalishi, ko‘p qon yo‘qotish va ko‘karishlarni boshdan kechirganman. Butun tanam ko‘karardi, mebel, eshiklar – hamma narsa sinardi”, deydi Usmonova.

U jamiyatdagi ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va tahqirlashlarga ularning o‘zi aybdor ekanligini aytdi. 

“Bularning barchasi 100 foiz ular (erkaklar)ning aybi bilan sodir bo‘lmaydi. Bu yerda 50 foiz bizning ham aybimiz bor. Bizning muammomiz: o‘zimizni yetarlicha qadrlamaymiz, yetarlicha jasoratli emasmiz, oyoqlarimizda yetarlicha mustahkam turolmaymiz, teskari ta’sir qilishdan qo‘rqamiz, ota-onalarimizga aytishdan qo‘rqamiz, ota-onamizga qaytishdan qo‘rqamiz, hammasini qaytadan boshlashdan qo‘rqamiz. Chunki holat o‘zgaradi, kelajakda buning qandaydir yaxshi natijalari bo‘ladi, deb umid qilamiz – hammasi bizning aybimiz. Esimda, u birinchi marta qo‘l ko‘targanida, meni beshinchi qavatdan birinchi qavatga sudrab tushirgandi – men cho‘loqlanardim. U oyog‘imni o‘pib, kechirim so‘raganini eslayman. Men unga egilib, boshini quchoqlab oldim, oxiri rahmim keldi, tinchlantirdim, hammasi yaxshi, hech qanday yomon narsa bo‘lmagan, bu vaziyatdan bunchalik xavotirlanishga hojat yo‘q, deb dalda berdim. Ya’ni, vaziyat shunday o‘zgaradi. Men buni endi, oradan 10 yil o‘tib tushundimki, mening katta muammoim, bizning katta muammomiz – sodir bo‘layotgan voqealarning fojiasini ko‘rmasligimiz va tushunmasligimizdir", deydi Diyora Usmonova.

Uning fikricha, ayollar bunday munosabatlarni tugatib, ketish uchun kuch topishi kerak.

“Men o‘zimda bu kuchni topa olmadim... Ammo, shuni aytmoqchimanki, u (Bobur Usmonov) bizning zamonamizda hech kimda uchramaydigan hayratlanarli darajada mehribon qalbga ega ajoyib inson edi. Go‘yo uning mehribon qalbi va bu haqiqatlar bir-biri bilan to‘g‘ri kelmayotgandek tuyuladi. Shu sabab, shunday mehribon, oliyjanob inson menga bergan qiynoqlarga qanday qo‘li borganiga tushunolmadim. Shunga qaramay, bu qandaydir psixologik og‘ish, davolash kerak bo‘lgan ruhiy holat va biz farzandlarimizni bundan himoya qilishimiz kerak. Bunday munosabatlarni tark etishingiz kerak. Chunki siz bir marta kechirasiz, ikkinchi marta kechirasiz, keyin bu odatga aylanib qolsa, bu juda yomon tugashini yoki butun hayotingizni zaharlashini tushunasiz. O‘shanda o‘zimda kuch topa olmadim va hozir 10 yil o‘tib, orqamga qarayman va men tomondan qancha xatolarga yo‘l qo‘yilgani, bunda mening aybim qanchalik katta ekanini tushunaman. Xuddi u kabi”, deydi Usmonova.

Shuningdek, u bu voqealarni nega aynan hozir ommaga ochiqlaganini aytdi. Ma’lumki, Qozog‘istonda sobiq milliy iqtisodiyot vaziri Kuandik Bishimbayev o‘zining turmush o‘rtog‘i Saltanat Nukenovani o‘ldirganlikda ayblanyapti va hozirda mazkur ish bo‘yicha sud davom etmoqda. Usmonovaga ko‘ra, u Saltanat Nukenovaning taqdirida o‘zining umrini ko‘rgan.

"Uning umri ketdi, mening obro‘yim ketsa, ketaversin", deb yozgan Diyora Usmonova.

Ma’lumot uchun, Diyora Usmonova O‘zbekiston birinchi xonimi Ziroatxon Mirziyoyevaning jiyani. U 20 yoshida asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonovning jiyani Bobur Usmonovga turmushga chiqqan. Bobur Usmonov 2013 yil 8 may kuni Toshkent shahrida o‘z mashinasida halokatga uchrab, vafot etgan.

2016 yilda esa Diyora Usmonova “Paxtakor” futbol klubi va “O‘zbekiston” mehmonxonasining sobiq egasi bo‘lgan tadbirkor Botir Rahimovga turmushga chiqdi. Usmonovaning birinchi turmushidan bir qiz, ikkinchi turmushidan bir o‘g‘il farzandi bor.


Maqola muallifi

Teglar

Diyora Usmonova Alisher Usmonov zo'ravonlik kaltaklangan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made