DXX Rossiyadagi migrantlarni ogohlantirdi
3-sahifa
−
05 avgust 17768 2 daqiqa
So‘nggi yillarda yoshlar orasida turli jinoiy guruh va submadaniyatlarning ta’siri keskin oshmoqda. Shulardan biri – “A.U.Ye.” deb ataluvchi jinoiy harakat bo‘lib, u nafaqat o‘smirlarni, balki chet elga, ayniqsa Rossiyaga borib ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolarini ham o‘z domiga tortmoqda. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
DXX nafaqat ota-onalar, balki mehnat muhojirlarini ham ogohlikka, hayoti va erkinligiga befarq bo‘lmaslikka chaqirgan.
Qayd etish joiz, “A.U.Ye.” (“Arestantskiy uklad yedin” — “Mahbuslar qoidasi yagona”) Rossiya Federatsiyasida paydo bo‘lgan bo‘lib, u yerda jinoyatchilikning alohida shakli sifatida e’tirof etilgan xavfli harakatdir. U “o‘g‘rilar qonunlari”ni ideallashtirib, qamoqxona madaniyatini oddiy hayotga singdirishni maqsad qilgan.
Rossiyada bu harakat 2020 yilda rasman ekstremistik tashkilot sifatida taqiqlangan, uning faoliyati uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.
Ma’lum qilinishicha, bu tuzilma ta’siri Rossiyada vaqtinchalik ishlab yurgan ayrim O‘zbekiston fuqarolariga ham yetib bormoqda. Ommaviy axborot vositalarida va rasmiy manbalarda qayd etilishicha, so‘nggi yillarda bir nechta o‘zbekistonlik “A.U.Ye.” harakatini qo‘llab-quvvatlagani yoki unda ishtirok etgani uchun Rossiya qonunchiligiga asosan jinoiy javobgarlikka tortilgan.
“Bu holat nafaqat ularning erkinligiga, balki O‘zbekiston fuqarolari imidjiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, “A.U.Ye.” guruhi a’zolari asosan internet orqali — ijtimoiy tarmoqlar, chatlar va videoplatformalarda o‘z saflariga odam jalb qiladi. Shuningdek, ular mehnat muhojirlari orasida ham “bratva”, “obak”, “zakon po ponyatiyam” kabi iboralar orqali ta’sir o‘tkazishga harakat qiladi.
“A.U.Ye.” safida yurish shunchaki “ishdan keyingi do‘stona guruh” emas — bu harakat bilan bog‘lanish insonni jinoiy faoliyatga tortadi”, deyiladi xabarda.
Rossiya Federatsiyasi qonunchiligida “A.U.Ye.” harakatlariga aloqadorlik uchun 300 ming rubldan 600 ming rublgacha jarima yoki 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, 1 yildan 4 yilgacha majburiy mehnat (axloq tuzatish) ishlariga jalb etish yoxud 2 yildan 6 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish kabi jazolar belgilangan.