Eng baxtli mamlakatlar reytingi e’lon qilindi
Bu qiziq
−
20 mart 8792 2 daqiqa
Jahonning eng baxtli mamlakatlari reytingi (World Happiness Report 2026) e’lon qilindi. Unda O‘zbekiston 53-o‘rinni saqlab qoldi.
Ekspertlar O‘zbekistondagi hayotdan qoniqish darajasini 10 balldan 6,283 ball deb baholagan. Ma’ruza an’anaga ko‘ra 20 mart kuni nishonlanadigan Xalqaro baxt kuni arafasida e’lon qilindi. Tadqiqot Oksford universiteti Farovonlikni o‘rganish markazi tomonidan Gallup instituti va BMT bilan hamkorlikda tayyorlangan.
Reyting metodologiyasi 140 ta mamlakat va hududdagi qariyb 100 ming kishi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomaga asoslanadi. Respondentlar o‘z hayotini “Kantril zinapoyasi” testi bo‘yicha baholaydi, bunda 10 ball – eng yaxshi hayot, 0 ball esa eng yomoni hisoblanadi. Bundan tashqari, mutaxassislar aholi jon boshiga YAIM hajmi, shaxsiy erkinlik darajasi, korrupsiyani idrok etish va kutilayotgan umr ko‘rish davomiyligi kabi ob’ektiv omillarni ham hisobga oladi.
MDH davlatlari orasida Qozog‘iston yetakchi bo‘lib qolmoqda – u 33-o‘rinni egalladi va o‘tgan yilga nisbatan 10 pog‘onaga ko‘tarilgan. Mintaqaning boshqa davlatlari quyidagicha joylashdi:
- Qirg‘iziston – 66;
- Moldova — 77;
- Rossiya – 79.
Tojikiston, Armaniston va Ozarbayjon mos ravishda 88, 89 va 102-o‘rinlarni egalladi.
Jahon birinchiligini ketma-ket to‘qqizinchi marta Finlandiya egallab turibdi. Kuchli beshlikka, shuningdek, Islandiya, Daniya, Kosta-Rika va Shvetsiya kirgan. Top-10 talikni Norvegiya, Niderlandiya, Isroil, Lyuksemburg va Shveysariya yakunlab bergan. Ro‘yxatning eng quyi qismida – 147-o‘rinda Afg‘oniston eng baxtsiz mamlakat bo‘lib qolmoqda. Shuningdek, reyting oxiridan Botsvana, Zimbabve, Malavi va Serra-Leone joy olgan.
Yangi ma’ruzada raqamli texnologiyalarning yoshlar farovonligiga ta’siriga alohida e’tibor qaratilgan. Tadqiqotchilar internetdagi faollik baxt darajasiga turlicha ta’sir qilishini aniqlagan. Tarmoqdan ta’lim, muloqot va kontent yaratish uchun foydalanish hayotdan yuqori qoniqish bilan bog‘liq. Aksincha, ijtimoiy tarmoqlarni maqsadsiz “kezish” va o‘yinlar ko‘pincha farovonlik hissining pasayishiga olib keladi.
Hisobotning umumiy xulosalari shuni ko‘rsatadiki, dunyoda ijobiy his-tuyg‘ular hali ham salbiylarga qaraganda ikki baravar ko‘p uchraydi, biroq salbiy kechinmalar darajasi barcha mintaqalarda asta-sekin o‘sib bormoqda. Qizig‘i shundaki, aksariyat sanoatlashgan G‘arb mamlakatlari aholisi hozirda o‘zlarini 2005-2010 yillardagiga qaraganda kamroq baxtli his qilmoqda. Ushbu mamlakatlarning 15 tasida baxt darajasining sezilarli darajada pasayishi qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Polshaning “National Geographic Traveler” jurnalining maxsus sonida O‘zbekiston shaharlariga bag‘ishlangan maqola chop etilgandi. Unda Samarqand, Buxoro va Xiva Osiyoning eng go‘zal 30 ta shahri qatoridan joy olgan.
Live
Barchasi