Dunyoda yangi yadroviy qurollanish poygasi boshlanmoqda
Olam
−
16 iyun 11128 2 daqiqa
Dunyo yangi yadroviy qurollanish pallasiga kirmoqda. Bu haqda bugun, 16 iyun kuni Stokgolm tinchlik muammolarini o‘rganish instituti (SIPRI) e’lon qilgan yillik hisobotda so‘z boradi.
SIPRI’ga ko‘ra, yadroviy qurolga ega davlatlar o‘z atom arsenallarini kengaytirmoqda va qurollarni nazorat qilish bo‘yicha bitimlardan chiqmoqda. Bu holat sovuq urush tugaganidan keyin davom etgan yadro qurolsizlanishi davrining nihoyasiga yetganini anglatadi.
2025 yil yanvar holatiga ko‘ra, dunyoda jami 12 241 ta yadroviy jangovar kallak mavjud bo‘lib, ularning taxminan 9 614 tasi harbiy omborlarda joylashgan va qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan holatda saqlanmoqda.
Shuningdek, taxminan 2 100 ta kallak yuqori jangovar tayyorgarlik holatida ballistik raketalarga joylashtirilgan bo‘lib, ularning deyarli barchasi AQSH yoki Rossiyaga tegishli.
SIPRI tahlilchilarining ta’kidlashicha, xalqaro keskinlik ortib borayotgan bir vaqtda dunyodagi to‘qqizta yadroviy davlat – AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Shimoliy Koreya va Isroil o‘z zaxiralarini yanada oshirish niyatida.
“1980 yillardan beri davom etgan yadro qurollarini qisqartirish davri yakuniga yetmoqda. Aksincha, hozir biz yadroviy arsenalning ko‘payishi, yadro tahdidi ritorikasining keskinlashuvi va qurol nazorati bo‘yicha bitimlardan voz kechish tendensiyasini kuzatmoqdamiz”, deyiladi SIPRI bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Mudofaa vazirligining Xitoy harbiy qudrati to‘g‘risidagi yillik hisobotida 2030 yilga borib Xitoy 1 mingdan ortiq yadro kallaklarini joylashtirish imkoniyatiga ega bo‘lishi aytilgan edi.
Live
Barchasi