Ekologiya vazirligi qo‘mitaga aylantirildi

Jamiyat

image

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Vazirlar Mahkamasi tizimidan chiqarilib, uning negizida amaldagi shtat birliklari saqlangan holda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tashkil etiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning bugun, 19 noyabr kuni qabul qilingan “Ekologiya va turizm sohalarida aholi talablariga tezkor javob bera oladigan boshqaruv tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida so‘z boradi.

Farmonga ko‘ra, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi sifatida qayta tashkil etiladi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi esa Vazirlar Mahkamasi tizimidan chiqarilib, uning negizida amaldagi shtat birliklari saqlangan holda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tashkil etiladi.

Hujjatda belgilanishicha, Ekologiya qo‘mitasi qulay ekologik holatni barqaror saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish, o‘rmonlarni ko‘paytirish, global iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va cho‘llanishga qarshi kurashish sohalarida yagona davlat siyosati va nazoratini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi.

O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi, Gidrometeorologiya xizmati agentligi hamda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi o‘z faoliyatini Ekologiya qo‘mitasi huzurida davom ettiradi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tashkiliy tuzilmasida 2 ta shtat birligidan iborat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘linmasi tashkil etiladi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining asosiy vazifalaridan tashqari, Ekologiya qo‘mitasi quyidagi umummilliy loyihalarni amalga oshirish uchun mas’ul hisoblanadi:

  • chiqindilarni qayta ishlash va ular bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan “Chiqindidan holi hudud” umummilliy loyihasi;
  • atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasi;
  • 2028 yilga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida qo‘shimcha ravishda jami maydoni 100 gektardan kam bo‘lmagan botanika va dendrologiya bog‘larini tashkil qilishga qaratilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi;
  • aholi orasida eko-odatlarni shakllantirish va ekologik hayot tarzini keng targ‘ib qilishga qaratilgan “Eko-madaniyat” umummilliy loyihasi;
  • bioxilma-xillikni kelajak avlod uchun asrashga qaratilgan “Bio meros” umummilliy loyihasi.

Ekologiya qo‘mitasi huzurida 15 nafargacha xorijiy va mahalliy ekspertlarni fuqaroviy-huquqiy shartnomalar asosida jalb qilgan holda ekologiya sohasidagi “Ekoloyihalar fabrikasi” tashkil etiladi.

Shu bilan birga, 2026 yil 1 apreldan boshlab ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash tartibi joriy etiladi, bunda:

  • moliyaviy sanksiyalar pul undirish (jarimalar) tarzida faqat yuridik shaxslarga qo‘llanadi;
  • bir xil huquqbuzarlik uchun moliyaviy sanksiyalar qo‘llangan yuridik shaxslarning xodimlariga ma’muriy jazo chorasini qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi;
  • huquqbuzarlikning takroran sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohlantirish olish hamda jarimani to‘lash ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi qonunchilikning buzilishiga yo‘l qo‘ygan shaxsni Ekologiya qo‘mitasining qarorini (taqdimnomasini, ko‘rsatmasini) bajarish yoki qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa harakatlarni amalga oshirish majburiyatidan ozod etmaydi.

Maqola muallifi

Teglar

Ekologiya Ekologiya va iqlim o'zgarishi milliy qo'mitasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing