El-Nino Markaziy Osiyoga kuchli yomg‘ir olib kelishi mumkin – BMT

Bu qiziq

image

BMTning Meteorologiya agentligi yaqin oylarda butun dunyo bo‘ylab haroratning ko‘tarilishiga va ob-havoning keskin o‘zgarishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan kuchli El-Nino hodisasi haqida ogohlantirdi. Mazkur tabiiy hodisa Markaziy Osiyoga kuchli yomg‘ir olib kelishi mumkin. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.  

El-Nino Tinch okeanida odatda iliq suvlarni g‘arbga tomon haydaydigan doimiy shamollarning kuchsizlanishi natijasida yuzaga keladi. Buning oqibatida okeanning markaziy va sharqiy qismida issiqlik to‘planadi, bu esa atmosferadagi havo va namlik harakatini o‘zgartirib, butun dunyo bo‘ylab ob-havoga – jala quyishlaridan tortib, qurg‘oqchilik va anomal issiqlik to‘lqinlarigacha ta’sir ko‘rsatadi.

Jahon meteorologiya tashkiloti (JMT) ma’lumotlariga ko‘ra, okeandagi iliq suv allaqachon El-Ninoning rivojlanishini kuchaytirmoqda. JMT joriy yilning iyun oyidan avgust oyigacha dunyoning aksariyat mintaqalarida harorat me’yordan yuqori bo‘lishini prognoz qilmoqda. Tashkilot hisob-kitoblariga ko‘ra, El-Nino noyabr oyigacha davom etishi mumkin.

“Biz potensial kuchli El-Nino hodisasiga tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak. U qurg‘oqchilik va kuchli yog‘ingarchiliklarni kuchaytiradi, shuningdek, quruqlikda va okeanda anomal issiqlik to‘lqinlari xavfini oshiradi”, deydi JMT bosh kotibi Seleste Saulo.

Bundan oldingi kuzatilgan El-Nino 2024 yilning kuzatuvlar tarixidagi eng issiq yil bo‘lishiga sabab bo‘lgan omillardan biri edi. Tinch okeanining ekvatorial qismida suv yuzasi haroratining keskin ko‘tarilishi qayd etilgan. JMT ma’lumotlariga ko‘ra, u aprel oyining oxiridan may oyining o‘rtalarigacha tez sur’atlar bilan ko‘tarilgan. Okean yuzasi ostida ham g‘ayritabiiy darajada ko‘p issiqlik to‘plangan: ba’zi joylarda harorat me’yordan 6 darajadan ko‘proq yuqoridir.

“El-Nino Janubiy Amerikaning janubida, AQSH janubida, Afrika burnining ayrim hududlarida va Markaziy Osiyoda yog‘ingarchilikning ko‘payishiga olib kelishi mumkin. Shu bilan bir vaqtda, Avstraliya, Markaziy Amerika, Indoneziya va Janubiy Osiyoning bir qismida qurg‘oqchilik xavfi ortadi. Bu hodisa, shuningdek, Tinch okeanining markaziy va sharqiy qismida bo‘ronlarni kuchaytirishi mumkin”, deyiladi JMT xabarida.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish sodir bo‘layotgan jarayonlarni iqlimga oid zudlik bilan berilgan ogohlantirish deb atagan.

“El-Nino sharoiti allaqachon qizib borayotgan dunyo oloviga yog‘ sepadi. Dunyo mamlakatlari qazib olinadigan yoqilg‘idan qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tishni tezlashtirishlari zarur”, deydi u.

JMT iqlim o‘zgarishi El-Ninoni tez-tez yoki kuchliroq qilayotganiga hozircha hech qanday dalil yo‘qligini qayd etgan. Biroq global isish uning oqibatlarini, jumladan, ekstremal issiqlik va kuchli yomg‘irlarni yanada kuchaytirishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq yaqin besh yil ichida o‘rtacha global harorat rekord darajada yoki unga yaqin ko‘rsatkichda ko‘tarilish ehtimoli juda yuqori ekani, shu bilan birga, Arktikadagi harorat anomaliyalari jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lishi kutilayotgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

BMT Markaziy Osiyo El'-Nin'o

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing