Elektron sigaretalar infarkt xavfini oshiradi – tadqiqot
Olam
−
11:23 356 2 daqiqa
Elektron sigaretalar yurak infarkti va insult xavfini oshiradi. Bu haqdagi tadqiqot natijalari BMC Public Health jurnalida e’lon qilingan.
Tadqiqotchilar elektron sigaretadan foydalanish bilan infarkt va insult xavfi o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rgangan. Ishlar doirasida ilgari o‘tkazilgan 12 ta tadqiqot ma’lumotlari tahlil qilingan: infarkt xavfini o‘rganishda 430 875 kishi, insult xavfini tahlil qilishda esa 1 milliondan ortiq ishtirokchi qamrab olingan. Natijalar shuni ko‘rsatganki, elektron sigaretadan foydalanuvchilarda infarkt xavfi ularni ishlatmaydiganlarga nisbatan 53 foizga yuqori. Ayniqsa, ilgari oddiy sigareta chekib, keyinchalik elektron sigaretaga o‘tganlar uchun bu xavf yuqori.
Shuningdek, ilgari chekishni tashlagan, lekin elektron sigaretani ishlatishda davom etayotganlar orasida insult xavfi 73 foizga oshgan. Tadqiqotchilar elektron sigaretalarni “zararsiz” vosita sifatida qabul qilmaslik kerakligini ta’kidlaydi. Uzoq yillik chekish esa yurak-qon tomir kasalliklari, jumladan, ishemiya kasalligi, gipertenziya va insult rivojlanishining asosiy xavf omillaridan biridir.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikiston parlamentining yuqori palatasi spikeri Rustam Imomali Tojikistonda millat genofondini himoya qilish va elektron sigaretalardan foydalanish oqibatidagi salbiy ta’sirlarning oldini olish maqsadida elektron sigaretalardan (veyplardan) foydalanish, ularni ishlab chiqarish va muomalaga chiqarish taqiqlanishi mumkinligi haqida aytgandi.
Qolaversa, O‘zbekistonda joriy yil 27 noyabrdan elektron sigaretalar (veyplar) va ular uchun suyuqliklar muomalasi to‘liq taqiqlangan. Bu xarid qilish, saqlash, tashish va import-eksportni ham qamrab oladi. Qoidabuzarliklar uchun katta jarimalar va ayrim holatlarda bir necha yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
O‘tgan yili aprel oyida Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha qonunchilikka elektron sigaretalar olib kirish, ishlab chiqarish va sotishni taqiqlashni o‘z ichiga olgan o‘zgartirishlarni ma’qullagandi. Qozog‘istonda elektron sigaretalarni olib kirish, ularni sotish va turli tamaki mahsulotlarni reklama qilishni taqiqlovchi qonun iyun oyida kuchga kirdi.
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov esa o‘tgan yil noyabr oyida tamaki mahsulotlari va nikotin moddalarining zararli ta’siridan aholining sog‘lig‘ini himoya qilish bo‘yicha choralarni kuchaytirishga qaratilgan qonunni imzoladi. Qonun 2025 yil 1 iyuldan boshlab kuchga kirdi.
Live
Barchasi