Elektron tijorat bilan shug‘ullanuvchilar uchun soliq stavkalari oshiriladi

Jamiyat

image

Elektron tijorat bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar uchun bir qator soliq stavkalari oshiriladi. Yangi tartibga ko‘ra, foyda solig‘i 10 foizdan 15 foizgacha, aylanma solig‘i esa 3 foizdan 4 foizgacha ko‘tariladi.  Bu Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2026–2028 yillarga mo‘ljallangan byudjet bo‘yicha ma’lumotida keltirilgan.

Ushbu o‘zgarishlar 2026 yildan kuchga kirishi kutilmoqda. Dasturga muvofiq qator xizmat turlari bo‘yicha soliq stavkalari qayd etilgan. Jumladan, 2026 yil 1 yanvardan boshlab qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosiga qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) 0% etib belgilanadi.

O‘z ehtiyojlari uchun gips xomashyosini qazib olib, undan qurilish materiallari tayyorlaydigan korxonalar yer qa’ridan foydalanish solig‘ini 50% stavkada to‘laydi.

Issiqxona xo‘jaliklari uchun ham imtiyozlar joriy etiladi. 2029 yil 1 yanvargacha ular uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1% qilib belgilanadi, agar issiqxonalar yillik daromadining kamida 60 foizini tashkil etsa. Yer solig‘i esa yer toifasidan qat’i nazar, qishloq xo‘jaligi yerlariga belgilangan stavkalar bo‘yicha hisoblanadi.

Rasmiylarga ko‘ra, asosiy soliq stavkalari oshirilmaydi. 2026 yil davlat byudjeti va iqtisodiy o‘sish prognozlari muhokama qilingan yig‘ilishda ham shu ma’lumot tasdiqlangan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq O‘zbekistonda qo‘shilgan qiymat solig‘i va foyda solig‘i stavkalari 2028 yil 1 yanvargacha oshirilmasligi belgilangani haqida xabar qilingandi. Shu asosida 2024 yilning 27 dekabr kuni “Tadbirkorlar uchun teng sharoitlar va adolatli raqobat muhitini ta’minlash bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilingandi.

Komila Qobilova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

soliq Iqtisodiyot Elektron tijorat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing