Endi harbiylar o‘rtasida kibersport, dron va robot texnologiyalari bo‘yicha musobaqa o‘tkaziladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda joriy yildan boshlab harbiy xizmatchilar o‘rtasida kibersport, dron va robot texnologiyalari kabi zamonaviy sport turlari bo‘yicha uch bosqichli musobaqalar tashkil etiladi. Bu haqda bugun, 13 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan Xavfsizlik kengashining mamlakat harbiy xavfsizligi va mudofaasini mustahkamlash masalalari bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilishida so‘z bordi.

Qayd etilishicha, muhandislik-texnika, kiberxavfsizlik va axborot xurujlariga qarshi kurashish sohalarida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash eng muhim masala ekani ta’kidlangan. Shu bois, muhandislik-texnik yo‘nalishdagi harbiy-ilmiy bazani mustahkamlash, joylarda harbiy texnoparklar tashkil etish zarurligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Harbiy xizmatchilarning jangovar shayligini yanada mustahkamlash bilan birga, ularning ma’naviy olamini ham muntazam boyitib borishni zamonning o‘zi talab etmoqda. Bunda kitobxonlik muhim o‘rin tutadi. Shu bois, joriy yilda barcha harbiy qism va muassasalar jami 1 million nusxadagi badiiy adabiyotlar bilan ta’minlanadi.

Qurolli Kuchlar tizimidagi harbiyga yo‘naltirilgan maktab-litsey o‘quvchilari, muddatli harbiy xizmatchilar, kursantlar, serjant va ofitserlar o‘rtasida Oliy Bosh Qo‘mondon sovrini uchun kitobxonlik tanlovi yo‘lga qo‘yiladi. Okrug, qo‘mondonlik, vazirlik, Oliy Bosh Qo‘mondon tanlovlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan askarlarning muddatli harbiy xizmati bir oyga qisqartirib beriladi.

Har yili harbiy xizmatchilar o‘rtasida ko‘pkurash, qo‘l jangi, og‘ir atletika kabi sportning 10 dan ortiq an’anaviy turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilmoqda. Endi joriy yildan boshlab kibersport, dron va robot texnologiyalari kabi zamonaviy sport turlari bo‘yicha uch bosqichli musobaqalar tashkil etiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev kibersport harbiy xizmatchilar robot texnologiyalari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing