Endi hech narsa avvalgidek bo‘lmaydi. 2025 yil qanday o‘tdi?
Tahlil
−
28 dekabr 3733 18 daqiqa
2025 yil – dunyo mojarolarga boy bo‘lgan yana bir yil bilan xayrlashmoqda. Bu yil ham urush nafasi Yer sayyorasini tark etgani yo‘q. Tugayotgan yilda Ukraina, G‘azo kabi joylarda odamlar qo‘rqinch va vahima bilan uyquga ketdi, ba’zilar esa ushbu uyqudan uyg‘onmadi ham. Zilzilalar, samolyotlarning qulashi, to‘fon-u toshqinlar ortidan 100 minglab odamlar yana Yangi yil ostonasiga qadam qo‘ya olmaydi. QALAMPIR.UZ ushbu yo‘qotishlar fonida o‘tayotgan yilda dunyoda sodir bo‘lgan eng muhim va eng dolzarb voqealarni sizga havola etadi. Bir yil ichida dunyo qay darajada o‘zgardi?
Zelenskiyning omadsiz yurishi

Yilning boshidan ikkinchi muddatiga saylangan Donald Tramp Ukrainadagi urushni tez tugatish uchun bosqinchi Rossiyaga emas, balki Kiyevga bosim o‘tkazish yo‘lini tanladi. Shu fonda Oq uyda bo‘lgan janjal yilning, balki asrning eng shov-shuvli voqeasi edi, desak xato bo‘lmaydi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy 28 fevral kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Oq uyga bordi. Tomonlar o‘rtasida muhokama markazida bo‘lishi kutilgan asosiy masala foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuv edi. Ikki davlat rahbarlarining jurnalistlar bilan o‘tkazgan suhbati dastlab yaxshi boshlandi va normal sur’atda davom etdi. Biroq eng so‘nggida ikki o‘rtada “o‘t chiqdi”. Zelenskiy Tramp va vitse-prezident Jeyms Devid Vensning hujumiga uchradi.
Putin bilan diplomatiya zarur degan qarashga javoban Zelenskiy u bilan bir necha yillar oldin Angela Merkel va Emmanuel Makron vositachiligida sulh imzolagani, Fransiya va Germaniya rahbarlari o‘shanda unga Putin boshqa qaytib kelmaydi, deya ishonch bilan aytgani, ammo u baribir kelishuvni buzganini eslatdi va Vensga Putin bilan yana qanday diplomatiya haqida gapirish mumkin deya yuzladi. Vens esa bunga javoban “Ukrainani yo‘q qilishni to‘xtatadigan” kelishuvni nazarda tutayotganini aytdi. Oq uydagi “otishma” shu tarzda boshlandi.
Shundan so‘ng, Vens Zelenskiyga bir qancha tavsiyalar bera boshladi. Ammo Prezident unga Ukrainaga tashrif buyursagina u yerda qanday muammolar borligini ko‘ra olishi mumkinligini aytdi.
Tortishuv qizg‘in pallaga chiqib borar ekan, Zelenskiy AQSHni kattagina okean himoya qilishi va bu Qo‘shma Shtatlarga Ukrainada bo‘layotgan jarayonni his qildirmasligini aytdi va shunga qaramay, “baribir keyinchalik, albatta, AQSHga ham bu urush ta’sir qilishi”ni qo‘shimcha qildi. Tramp esa uning shu so‘zlaridan keyin “biz nimani his qilishimiz kerakligini aytishga haqqingiz yo‘q. Biz Uchinchi jahon urushi yoqasida turibmiz, lekin siz AQSH va meni hurmat qilmaysiz”, deya Ukraina Prezidentiga javob qaytardi.
Shundan so‘ng, Tramp va Zelenskiy bir-birini tinglashni to‘xtatdi va o‘rtadagi suhbatda shovqin ko‘tarildi. Tramp Ukraina rahbarida kuchli “kartalar” yo‘qligi, u yaxshi pozitsiyada emasligi va Uchinchi jahon urushi bilan o‘ynashayotganini aytdi.
Zelenskiy Vensga baland ovozda gaplashmaslikni maslahat berdi. Ammo Tramp darhol Vens ovozini ko‘tarmaganini aytib, Ukraina Prezidentining gapini bo‘ldi va u “juda ko‘p gapirib yuborganini” aytdi.
Ikki o‘rtada janjal davom etdi. Tramp Baydenni “ahmoq” deb atadi va u Ukrainaga 350 milliard dollar bergani, agar Amerika yordami bo‘lmaganda bu urush ikki haftada tugardi, deya Zelenskiyni turtdi. Zelenskiy esa bunga javoban “3 kun, men buni oldin Putindan ham eshitganman” deya kinoya qildi. Tramp esa o‘z o‘rnida “balki undan ham kam vaqtda” deya mavzuga nuqta qo‘ydi.

Shundan so‘ng, Tramp Zelenskiyni otashkesimni xohlamayotganlikda aybladi. U buni Zelenskiyni yosh bolalarcha harakatlar orqali trolling qilgan holda aytgani esa ijtimoiy tarmoqlar uchun ajoyib kadrga aylandi.
Shunday qilib, bu janjal oxir-oqibat ko‘p masalalarni ortga surdi va bosqin taqdirini katta so‘roq ostiga qo‘ydi. Zelenskiy Oq uyni muddatidan oldin tark etdi. Umuman olganda, u Oq uydan “darbadarlarcha haydaldi”. Foydali qazilmalar bo‘yicha imzolanishi kutilgan bitim barbod bo‘ldi. Prezidentlar ishtirokidagi matbuot anjumani bekor qilindi. Jurnalistlar o‘z lash-lushlarini yig‘ishtirib, anjuman o‘tkazilishi kerak bo‘lgan zalni tark etdi.
Bu voqealar ortidan esa Ukrainadagi urush yanada qizg‘in tus oldi, qonlar to‘kildi. Tramp hokimiyatga qaytganidan so‘ng, 24 soat ichida tugatilishi kerak bo‘lgan urush mana, qariyb 340 kundan beri davom etib kelmoqda. Tramp va Zelenskiy yil davomida yana bir necha marotaba uchrashdi. OAV har bir uchrashuv qizg‘in kuzatdi va yoritdi, xuddi shu bilan urush tugaydigandek. Joriy yilda Tramp urushni tugatish uchun Putin bilan ham uchrashdi. Biroq bularning birortasi haligacha aytarli natija bermadi. Urush hamon davom etmoqda. Zelenskiy bugun, 28 dekabrda yana Oq uyga boradi. Lekin yuqoridagi holatlardan so‘ng bu uchrashuvdan ham ko‘p narsa kutilmayapti.
Rossiya va Ozarbayjon o‘rtasidan ola mushuk o‘tdi
2025 yilda Ozarbayjon o‘zining mustaqil, Rossiyaga qaram bo‘lmagan va kezi kelsa, Putinning davlati bilan yoqalasha oladigan Respublika ekanini dunyoga ko‘rsatib qo‘ydi. Hech kimga bo‘yin eggisi kelmaydigan Putin ham Bakudan uzr so‘rashga majbur bo‘ldi.
Hammasi 2024 yilning oxiridan boshlandi. 25 dekabr kuni Baku–Grozniy yo‘nalishida uchayotgan Embraer-190 samolyoti Qozog‘istonning Aqtau shahri yaqinida halokatga uchradi. Bortda 5 nafar ekipaj a’zosi va 62 yo‘lovchi bo‘lgan, ulardan 38 kishi halok bo‘lgan. Qozog‘iston Transport vazirligining dastlabki hisobotida samolyot ikkita zarbadan keyin balandlikni yo‘qota boshlagani qayd etilgan. Aliyev esa bu voqeada tashqi ta’sir bo‘lganini bildirib, bu “rossiyaliklarning ishi” ekanini va Putin bu uchun uzr so‘rashi kerakligini aytdi. Ushbu falokat ortidan yilning birinchi yarmi davomida Aliyev Putindan gina saqlab yurdi. Ammo keyingi voqealar Baku uchun endi ortiqcha edi. Aliyev yorildi va xalqaro nashrlarda Rossiyani qattiq tergay boshladi. Joriy yilning iyun oyi oxirida Rossiyaning 24 yil oldingi voqealarni kovlashi, ikki mamlakat o‘rtasini bog‘lab turgan so‘nggi ipni ham uzib yubordi. O‘sha tekshir-tekshirlar doirasida ikki ozrabayjonlik “yurak xuruji”dan vafot etgandi. Ozarbayjon esa jasadlarda zo‘ravonlik izlari borligini bildirgan va “qasddan odam o‘ldirish”, “qiynash” va “mansab vakolatini suiiste’mol qilish” moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.
Shuncha voqealardan keyin anchagina dovyurak bo‘lib ulgurgan Ozarbayjon Baku shahrida “Sputnik Ozarbayjon” axborot agentligi xodimlarini ham hibsga oldi. Shuningdek, yana bir guruh Rossiya fuqarolari giyohvand moddalar savdosi va kiberjinoyatlarga aloqadorlikda gumonlanib hibsga olindi.
“Al Arabiya”ga bergan intervyusida esa, Aliyev bu voqealarni yana bir esga oldi. U mamlakati Rossiya bilan munosabatlarning yomonlashuvi uchun mas’ul emasligi va hech qachon tajovuz yoki hurmatsizlik belgilariga chidamasligini ta’kidladi. Intervyu davomida Aliyev bugun bilan cheklanmadi va hatto 1920 yilda rus armiyasi Ozarbayjonga bostirib kirib, mamlakatni bosib olganini ham ta’kidladi. Ozarbayjon yetakchisi endi Rossiyani chetlab o‘tib, Ukraianaga yon bosa boshladi. U intervyulari davomida Ukraina bilan azaliy do‘st ekani, urush boshidan beri Kiyevni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi, Ukraianaga Rossiyaning ko‘z o‘ngida yordam ham jo‘natdi. Ha, Rossiya mana shu tarzda yana bir ittifoqchisini qo‘ldan boy berayotgan edi, ammo Putin hammasini yana iziga soldi. 9 oktyabr kuni bir yillik tanaffusdan keyin Vladimir Putin Ilhom Aliyev bilan Tojikistonda uchrashdi. Putin uchrashuvni samolyot fojiasiga oid vaziyatni muhokama qilishdan boshlashni taklif etdi. U Rossiya tovon to‘lash masalasida zarur ishlarni amalga oshirishga tayyor ekanini bildirdi. Shundan so‘ng, oradagi nizolar tugagandek tuyuldi.

Biroq Ilhom Aliyev 22 dekabr kuni Rossiyaning Sankt-Peterburgida bo‘lib o‘tgan MDH norasmiy sammitida qatnashmadi. Aliyevning sammitga kelmasligi tig‘iz kun tartibi bilan bog‘liq ekani aytildi. Biroq “Minval” nashriga ko‘ra, ushbu holat ilk qarashda ish jadvali bilan bog‘liq protokol qaroriga o‘xshab ko‘rinsa-da, aslida bu masala postsovet hududida davlatlararo munosabatlar, ishonch va mas’uliyatning fundamental tamoyillariga taalluqli ancha chuqur jarayonni aks ettiradi.

“Siyosat diplomatik marosimlardan farqli o‘laroq, yakuniga yetkazilmagan inqirozlarni kamdan-kam hollarda kechiradi. AZAL’ga tegishli fuqarolik samolyotining halokati shunchaki fojia emas, balki institutsional sinov bo‘ldi – davlatlarning tan olingan me’yorlar doirasida harakat qilish qobiliyatini tekshiruvchi holat: aybni tan olish, uzr so‘rash, kompensatsiya to‘lash va aybdorlarni javobgarlikka tortish. Aynan shunday harakatlar algoritmini Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Dushanbeda omma oldida e’lon qilgan edi. Biroq vaqt o‘tishi bilan bu bayonot amaliyotdan uzilib qolganini ko‘rsatdi”, deyiladi maqolada.
Nashrning yozishicha, fojiaga Rossiya havo mudofaasi tizimining aloqadorligi tan olinganiga qariyb ikki yarim oy bo‘ldi. Ammo zamonaviy xalqaro tizimda mas’uliyatning minimal standarti hisoblangan majburiy choralaridan birortasi ham amalga oshirilmagan. Tergov jarayoni cho‘zilmoqda, kompensatsiya to‘lanmagan, aybdorlar topilmagan va jazolanmagan. Shu nuqtai nazardan Aliyevning sammitda ishtirok etmasligi hissiy diplomatiya yoki namoyishkorona bosim emas. Bu mantiqiy signal: ikki tomonlama munosabatlardagi asosiy inqiroz hal etilmagan sharoitda ko‘p tomonlama formatlarda ishtirok etish mumkin emas. Siyosiy institutlar yopilmagan fojialar ustida faoliyat yurita olmaydi.

Bu orada Qozog‘iston Transport vazirligi Aqtau shahri yaqinida bir yil avval qulagan Azerbaijan Airlines (AZAL) samolyoti bo‘yicha navbatdagi hisobotni e’lon qildi. Unda havo kemasidagi shikastlanishlarning ehtimoliy sababi ko‘rsatib o‘tildi. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, aviatsiya hodisasini tergov qilish doirasida aniqlangan begona metall buyumlar yuzasidan trasologik, ballistik, portlash-texnik va yong‘in bo‘yicha ekspertizalar o‘tkazilgan, ya’ni gap tashqi ob’ektlar haqida bormoqda.
Rossiya Tergov qo‘mitasi esa samolyot halokati bo‘yicha olib borilgan tergovni to‘xtatdi. Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramovning aytishicha, mazkur qaror Baku tomonida “juda jiddiy savollar” uyg‘otmoqda.
Erdo‘g‘an qulashi mumkin edi
2025 yil Turkiya siyosati tarixida cho‘qqi nuqtalardan biriga aylandi. Istanbul shahri meri Ekrem Imomo‘g‘li hibsga olinishi bilan mamlakatning siyosiy osmonida qorong‘u bulutlar yig‘ila boshladi. 19 mart kuni uning qo‘llari bog‘langandi: unga poraxo‘rlik va moliyaviy jinoyatlar ayblari qo‘yildi. Ekremning hibsga olinishi shaharlarni olovga to‘ldirib yubordi, yoshlar masjidlarni buzib, Erdo‘g‘an iste’fosini talab qila boshladi. 19–23 mart kunlari Istanbul, Anqara va boshqa yirik shaharlarda minglab odamlar “Adolat, erkinlik, demokratiya!” shiorlari bilan ko‘chalarni to‘ldirib, Imomo‘g‘liga yelkadosh bo‘lmoqchi bo‘ldi. Namoyishlar butun mamlakat bo‘ylab tarqalib ketdi. 23 mart kuni sud rasmiy ravishda Ekrem Imomo‘g‘lini qamoqqa oldi, Istanbul shahar kengashi esa vaqtinchalik mer sifatida Nuri Aslanni tayinladi.
24–27 mart kunlari hukumat ko‘chalarda olovga suv sepdi: mitinglar taqiqlandi, ko‘plab namoyishchilar va jurnalistlar hibsga olindi. Ammo 6 aprel kuni minglab yuraklar bir tempda urib, Imomo‘g‘lini qo‘llab-quvvatlash namoyishlariga chiqdi, bu norozilik to‘lqini mamlakat bo‘ylab shamol kabi tarqaldi. Biroq bu ham uzoqqa cho‘zilmadi va vaqt o‘tib namoyishchilar tinchidi.
27 oktyabr va 11 noyabr kunlari esa sud Imomo‘g‘liga yangi ayblovlar va yuzlab jinoyat moddalarini qo‘ydi. Noyabr oyida Istanbul Bosh prokuraturasi shaharning sobiq meriga qarshi ayblov xulosasini e’lon qildi va siyosatchiga korrupsiya ayblovlari bo‘yicha 2352 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi so‘radi.
Imomo‘g‘li 2027 yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan prezidentlik saylovlarida amaldagi davlat rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘anning asosiy raqibi sifatida ko‘rilgan edi. Human Rights Watch tashkiloti uning ishini “siyosiy sabablarga ko‘ra ochilgan tergov” deb atagan.
Qamalishidan biroz avval, Istanbul universiteti Bosh prokuratura so‘rovi asosida Imomo‘g‘li diplomini bekor qilgan, bu esa uni qonun bo‘yicha prezidentlik saylovida qatnashish huquqidan mahrum etgan – chunki Turkiya qonunlariga ko‘ra, prezidentlikka faqat oliy ma’lumotli shaxslar nomzodini qo‘ya oladi. Shunday qilib, 2025 yilda Turkiya ko‘chalarini yangi to‘lqin qopladi. Afsuski, Ekremni qo‘llab, namoyishga shoshilgan yoshlar tarixiy qadamjolarni buzdi, qabrlarni toptab tashladi. Yil oxiriga yaqinlashar ekan, Turkiya bu voqealarni qisman unutgandek bo‘ldi, chunki endi ko‘chalar tinch, hech kim Erdo‘g‘anning taxtiga ochiqchasiga ko‘z tikmayapti.
Isroil-Eron urushi

Bu yil Yaqin Sharqdagi yana bir tarixiy voqea shubhasiz Eron va Isroil o‘rtasidagi tortishuvlar, bir-biriga havodan tinimsiz “salom yo‘llashlari” bo‘ldi. Havo mudofalari buzildi, hamma ishongan “temir gumbaz” ham zarbalarga dosh berolmadi. Mintaqadagi vaziyat yoz o‘rtalarida keskinlashdi. 13 iyun kuni Isroil Mudofaa kuchlari Eronning yadroviy va harbiy ob’ektlariga qarshi keng miqyosli havo hujumini boshladi. Bu hujumlarda asosan Eron yadroviy inshootlari, harbiy boshqaruv markazlari va ramziy ob’ektlar nishonga olindi. Isroil rasmiylari bu operatsiyani Eronning yadroviy salohiyatini yo‘qotish va mamlakat xavfsizligini mustahkamlash maqsadida boshlaganini aytdi.
Bu to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuv bir necha kun davom etdi. Isroil tomoni 200 dan ortiq nishonlarga hujum qildi, jumladan Natanz yadroviy markazi va boshqa muhim ob’ektlar ham nishonga aylanib ketdi. Ko‘plab yuqori martabali Eron harbiy rahbarlari, shu jumladan Eron inqilobiy gvardiyasi rahbarlari, Eron Qurolli kuchlari boshqaruvchilari va yadroviy mutaxassislar halok bo‘lgan deb xabar qilindi.

Albatta, Eron tomoni ham osmondan tushayotgan raketalarni ikki qo‘lini og‘ziga tiqib kuzatib o‘tirmadi, javob choralarini ko‘rdi, bir kechada Isroil hududlarida “katta mushakbozlik uyushtirdi”. Eron birinchi hujumga javoban 150 dan ortiq balistik raketa va 100 dan ortiq dronlar orqali Isroil hududiga qarshi hujumlarini yo‘lladi. Raketa zarbalari Tel-Aviv, Hayfa, Petah-Tikva va boshqa shaharlarni nishonga oldi.
Ikki mamlakat bir-birining osmoniga tinimsiz raketalar yog‘dirdi. Shu orada Erondan Isroil tomon uchayotgan raketalarning ilk to‘lqinini ko‘rgan G‘azo ahlining shodligi ham media olamida alohida e’tiborga tushgan mavzu bo‘ldi. Shahar aholisi raketalarning Isroilga borib tushishini bayram sifatida qabul qilib, ko‘chalarda bu voqeani alohida nishonladi. O‘rtada esa Isroil yolg‘iz qolgandek bo‘ldi, ammo bu ko‘pga cho‘zilmadi.

AQSH hali ham Isroil tarafida ekanini ko‘rsatib, urushga o‘z hissasini qo‘shib qo‘ydi. 22 iyun kuni Tramp Amerika xalqiga murojaat qilib, mamlakat Eronning uchta yadroviy ob’ektiga – Fordo, Natanz va Isfahonga zarba berganini e’lon qildi. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu esa xalqqa qilgan murojaatida Trampga bu hujumlar uchun minnatdorlik bildirdi. Eron Tashqi ishlar vazirligi AQSHning zarbalari uzoq muddatli oqibatlarga olib kelishini aytdi. Shuningdek, Eron hukumati zarbalarga qaramay, yadroviy energiyani rivojlantirishdan voz kechmasligini ma’lum qildi. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish esa AQSH tomonidan Eronning yadroviy ob’ektlariga uyushtirilgan hujumni “xalqaro tinchlik va xavfsizlikka bevosita tahdid” deb atadi.
Shundan so‘ng, allaqachon g‘azab otiga minib ulgurgan Eron AQSHning Qatar va Iroqdagi bazalariga qarshi harbiy amaliyot boshladi. Bu O‘zbekiston vaqti bilan 23 iyun kuniga to‘g‘ri keldi. OAVning yozishicha, AQSH bazalariga qarshi amaliyotga “G‘alaba xabari” nomi berilgan. Qatar Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, Eron zarbalari oqibatida insoniy talafotlar qayd etilmagan.
“Ynet” nashrining yozishicha, Eron Qatardagi AQSH bazalariga 10 ta raketa, Iroqdagi AQSH bazasiga esa 1 ta raketa yo‘llagan. Eron Qurolli kuchlari Qatarda joylashgan AQSHning Al-Udeyd harbiy bazasiga zarba berganini ham tasdiqlagan. Shu tariqa Eron o‘z alamini Qatardan oldi.
Rasmiy va mustaqil manbalarga ko‘ra, 12 kun davom etgan urush davomida Eron tarafida tahminan 1 190 kishi halok bo‘ldi, 4 000 dan ortiq kishi jarohatlandi.
Isroil tarafida esa bu sonlar albatta kichik. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, urush kunlari 28 aholi halok bo‘lgan, jumladan 27 oddiy fuqaro va 1 askar, shu bilan birga, 100 ga yaqin odam urush davomida yaralandi, nogiron bo‘ldi.
Yil o‘g‘riligi

2025 yilda Parijdagi Luvr muzeyida sodir bo‘lgan o‘g‘rilik – bu yilning eng katta madaniy meros va xavfsizlik bo‘yicha shok voqealaridan biri bo‘lib, oddiy o‘g‘rilikdan ko‘ra keng jamoatchilik e’tiborini tortdi. 2025 yil 19 oktyabr kuni ertalab soat 09:30 da dunyodagi eng mashhur muzeylardan biri – Luvr muzeyida o‘g‘rilik sodir bo‘ldi. To‘rt nafar niqobli shaxs hech kimni jarohatlanmay turib, Denkon qanotidagi (Apollo galereyasi) tomoshaga qo‘yilgan qirollik zargarlik buyumlarini o‘g‘irlab ketdi. Bu xuddi kinolardagidek sodda, oddiy va hech kim kutmagan pallada sodir bo‘ldi. Kuchli Fransiya esa bunga qarshi hech narsa qila olmadi. Rasmiylarda bayonot berishdan boshqa hech narsa yo‘q.
O‘g‘rilar o‘zlarini qurilish ishchilari ko‘rinishida ko‘rsatdi – sariq jilet kiyganlar kranli yuk mashinasi yordamida fasaddagi birinchi qavat derazasiga ko‘tarildi va politsiya bilmay turib, derazani sindirib ichkariga kirdi.

Zargarlik vitrinlari juda qisqa vaqt, atigi to‘rt daqiqa ichida elektr asboblar, diskli kesuvchi va boshqa vositalar yordamida sindirildi. Odamlarni jarohatlamay, buyumlar olib chiqildi va ularning barchasi motorollerlar orqali qochib ketdi. Hodisa hattoki kameralarga ham muhrlangan, lekin shunday katta davlatning madaniy merosini topishning imkoni bo‘lmayapti.

Asosiy o‘g‘irlangan predmetlar XIX asrga oid zargarlik buyumlari edi, shu jumladan qirollikka tegishli tiara (marjonli bosh bezak), marjonlar, sirg‘alar, bronza brosh va boshqa juda qimmatbaho buyumlar. Shovvozlar Luvrga kirib, imperatorlik kolleksiyasiga mansub to‘qqizta eksponatni, jumladan, Napoleon va uning rafiqasi Jozefinaga tegishli zargarlik buyumlarini o‘g‘irlagan edi. Ularning umumiy qiymati rasmiy tergov bo‘yicha taxminan 88 million yevro deb baholangan. O‘g‘rilik darhol tasdiqlanishi bilan muzeydagi sayyohlar xavfsizlik uchun evakuatsiya qilindi, darvoza yopildi va muzey kun bo‘yi yopiq qoldi. Interpol (Xalqaro politsiya tashkiloti) bu o‘g‘irlangan buyumlarni Stolen works of art (o‘g‘irlangan san’at asarlari) bazasiga kiritdi.

Bir hafta o‘tib, Luvrdan zargarlik buyumlarini o‘g‘irlashda gumon qilinayotgan to‘rt kishidan ikki nafari qo‘lga olingan. Ulardan biri Parijdagi Ruassi – Sharl-de-Goll aeroportida, Jazoirga uchadigan samolyotga chiqish paytida hibsga olingan. Ikkinchisi esa Sena-Sen-Deni departamentida qo‘lga olingan. Bu voqea Luvrda xavfsizlik choralari yetarli emasligi borasida tanqidlarni kuchaytirdi. Luvr prezidenti Lorans De Kar o‘z nutqlarida bu “jiddiy xavfsizlik nuqsoni” bo‘lganini tan oldi va o‘zining iste’fosini taklif qildi, ammo vazirlar uni to‘xtatdi. Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Luvrning talon-toroj qilinishini “merosga hujum” deb atagan. Ekspertlar bu hodisani “so‘nggi yillarda Yevropadagi eng katta san’at o‘g‘riligi”, “San’atdagi asr o‘g‘riligi” deya baholagan.

O‘g‘rilikdan keyin muzey xodimlari norozilik bildirib, ish tashlashga ham chiqdi, chunki ular sharoitlar va xavfsizlikni yetarli deb topmasliklarini aytdi. Bu bir necha kun davomida muzey ishini qisman yoki to‘liq to‘xtatib qo‘ydi va keng jamoatchilikni xavotirga soldi. Shu bilan Yevropa yuraklaridan biri sanaladigan Parij shahridagi bu sharmandali voqeaning sahifalari ochiqligicha qoldi. Biz kelayotgan yilda balki bu sahifalarning yopilishini ko‘rarmiz.
“Yer yutgan” odamlar
2025 yilda mojarolar bilan bir qatorda hech kim kutmagan tabiat hodisalari ham ko‘plarning o‘limiga sabab bo‘ldi. Kamchatka, Afg‘oniston, Myanma, Xitoy, Bangladesh va Turkiya kabi mamlakatlarda 8 mingga yaqin odamning erta yostig‘i quridi. Ba’zilarning jasadlari hali hanuzgacha vayronalar orasida qolmoqda. Keling, yana bir ortga qaytib, ushbu voqealarning eng dahshatlilarini ko‘rib chiqamiz.

28 mart kuni Myanma markazida sodir bo‘lgan zilzila bir kechada Yer yuziga 3 mingdan ortiq o‘likni “sovg‘a qildi”. Kunduzi soat 12:50 da yer 7.7 magnitudada qimirladi. Uning kuchi Sagaing va Mandalay shaharlarining atrofida joylashgan markaziy zonada ham sezildi. Bu zarbadan atigi 12 daqiqa o‘tib, 6.4 magnitudali kuchli aftershok ham yuz berdi, bu esa vayronagarchilikni yana kuchaytirdi.

Kuchli silkinish bir zumda uylar, maktablar, shifoxonalar, ko‘priklar va tarixiy obidalarni yer bilan bitta qilib tashladi. Boshida rasmiylar 1000 dan oshiq odam halok bo‘ldi, deb xabar bergan bo‘lsa-da, tez orada o‘lim soni yana oshdi. Bir qancha xalqaro va milliy hisobotlarga ko‘ra, raqamlar doimiy yangilanib bordi: boshlang‘ichda yuzlab, keyin 1 600, oxir-oqibat esa taxminan 3 300 dan 3 700 ga yaqin odam halok bo‘lgan, yana minglab odamlar jarohatlangan, yuzlab odam yo‘qolgan deb hisoblandi, chunki izlar vayronagarchik ostida qolgan edi.

Bu fojia ortidan tezkor xizmatlar ishlamay qoldi. Tez yordam yetib bormadi, yo‘llar va aloqalar uzilib qoldi, odamlar yuzlab tanishlarini haroba uylar ostidan qutqarishga urinardi. Bolalar, ota-onalar, qariyalar – hamma bir lahzada o‘zining eng yaqinlarini yo‘qotdi yoki og‘ir jarohat oldi.

Tirik yashayotganlar esa ko‘chalarga chiqib, qorong‘u tunlarni ochiq havoda o‘tkazishga majbur bo‘ldi, ko‘plab oilalar uylariga qaytmadi, chunki endi ularning boshpanasi ham yo‘q edi. Bu zilzila nafaqat Myanma hududida, balki chet elda ham sezildi – qo‘shni Tailand va Xitoyda ham kichik silkinishlar sodir bo‘ldi.
Joriy yil qo‘shni Afg‘oniston uchun ham omadli bo‘ldi, deya olmaymiz. Afg‘onistonda ham kutilmagan zilzilalar minglab odamlarning umriga so‘nggi nuqtani qo‘ydi. Silkinishdan so‘ng, mamlakatdagi muammolar ham sizib chiqa boshladi, dunyo Afg‘onistonda vaziyat yaxshi emasligini yana bir marta his qildi.

31 avgust kechasi Afg‘onistonning sharqida, Pokistan bilan chegara yaqinida joylashgan Kunar va atrofidagi viloyatlarda kuchli 6 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Bu zilzilada uylar qulab tushdi, qishloqlar vayron bo‘ldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2 200 dan ortiq odam halok bo‘lgan va 4 000 dan ko‘proq odam jarohatlangan. Ammo bu chet el OAVlar tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlar, aslida holat bundan ham yomonroq bo‘lishi mumkin.

G‘arb OAVlarida zilziladan so‘ng, vayronalar ostida jon talashib yotgan ayollarga yordam berilmagani, bu hukumat qonun-qoidalariga to‘g‘ri kelmasligi haqida xabarlar sizib chiqa boshladi. Nashrlarga ko‘ra, mamlakatda vayronalar ostida qolgan ayollarga erkaklar yordam qo‘lini cho‘zmagan, chunki bu ish uchun afg‘on erkaklarini kuchli jazo kutadi. Ba’zi bir qishloqlarda ayollarning ko‘pi vayronalar ostida qolib ketgani sabab boshqa qishloqdan ayollar kelishi kutildi. Bunday siyosatning ortidan esa tirik qolishi mumkin bo‘lganlar ham halok bo‘ldi!
Keyinroq, 3 noyabrda shimolda, xususan Balx va Samangan atrofida 6.3 magnitudali yana bir zilzila sodir bo‘ldi. Bu zilzilada 1-zilziladan omon chiqqan uylar vayronaga aylandi. Dastlabki rasmiy ma’lumotlarda bu falokatda taxminan 20 dan ortiq odam halok bo‘lgani va yuzlab odam jarohatlangani aytildi, ammo bu raqamlar keyincha oshgan bo‘lishi mumkin. Afg‘onistonga qo‘shni bo‘lgani uchun ushbu silkinish O‘zbekiston hududlarida ham yaqqol sezildi. Xususan, Surxondaryo viloyatida uning sezilish kuchi 5 ballni tashkil etdi. Tarmoqlarda Surxondaryo aholisi zilzila sodir bo‘lgandan keyin qo‘rquv ostida o‘z uylarini tashlab, ko‘chalarda to‘planib turgani aks etgan videolar tarqaldi. Zilzila oqibatida viloyatdagi binolarga zarar yetgani yoki yetmagani haqida rasmiy ma’lumot taqdim etilmadi.

Xullas, 2025 yil – urushlar tugamagan, kelishuvlar mo‘rt, inson hayoti esa hanuz siyosiy savdolarning fonida qolayotgan bir yil sifatida tarix sahifalarida qoldi. Dunyo bu yildan ham saboq chiqargandek ko‘rindi, ammo xatolarini tuzatishga shoshilmadi. Qon to‘kilgan manzillar xaritada ko‘paydi, tinchlik esa yana va yana bayonotlar darajasida qolib ketdi. Endi insoniyat yangi tong – 2026 yil eshigida turibdi. Bu eshik ortida yarashuv yoki navbatdagi mojaro, kelishuv bormi buni vaqt ko‘rsatadi. Ammo bir haqiqat o‘zgarmayapti: agar dunyo qurol ovozidan balandroq til topa olmasa, kalendarlar almashadi, lekin fojialar emas. 2026 yil – bu insoniyat uchun navbatdagi imkoniyatmi yoki yana bir boy berilgan yilmi, savol ochiq. Javobini esa yangi kunlar davomida QALAMPIR.UZ’ni kuzatish orqali topishingiz mumkin.
Live
Barchasi