Endi Hindiston Rossiyadan emas, AQSHdan neft sotib oladi – Tramp

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Hindiston Rossiyadan neft sotib olishni to‘xtatishga va AQSHdan ko‘proq neft xarid qilishga rozi bo‘lganini ma’lum qildi. Bu haqda u kecha, 2 fevral kuni Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng Truth Social tarmog‘ida yozib qoldirdi.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, suhbat davomida tomonlar savdo masalalari va Rossiya–Ukraina urushini yakunlash mavzusini muhokama qilgan. Uning aytishicha, Modi Rossiyadan neft xarid qilishni to‘xtatib, asosan AQSHdan, ehtimol Venesueladan ham neft sotib olishga rozi bo‘lgan. Tramp bu qadam Ukrainadagi urushni tugatishga yordam beradi, deb hisoblaydi.

Shuningdek, Tramp AQSH va Hindiston o‘rtasida savdo kelishuvi tuzilganini va u darhol kuchga kirishini e’lon qilgan. Kelishuvga ko‘ra, AQSH Hindiston uchun boj stavkalarini 25 foizdan 18 foizgacha tushiradi. Hindiston esa AQSHga nisbatan barcha tarif va notarif to‘siqlarni nol darajagacha kamaytirish yo‘lida harakat qilishga rozi bo‘lgan.

Bundan tashqari, Hindiston AQSHdan energetika, ko‘mir va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘z ichiga olgan tovarlarni 500 milliard dollardan ortiq miqdorda xarid qilish majburiyatini olgan.

Tramp Hindiston bilan munosabatlar kelajakda yanada mustahkamlanishini aytib, Modi bilan o‘zini “ish qiladigan yetakchilar” deb ta’riflagan.

Narendra Modi esa X ijtimoiy tarmog‘ida muzokaralarni izohlab, Trampni maqtagan va bojlarning kamaytirilgani uchun minnatdorlik bildirgan. Biroq u Rossiya neftidan voz kechish masalasini tilga olmagan.

OAVning yozishicha, AQSH va Hindiston bu kelishuvga bir necha oy davom etgan murakkab savdo muzokaralaridan so‘ng erishgan. 2025 yilning avgustida Tramp Hindistonga qo‘shimcha bojlar joriy qilgan, bunga sabab sifatida Nyu-Dehlining Rossiyadan neft xarid qilishda davom etayotganini ko‘rsatgan edi. 2026 yil boshida esa Hindiston Rossiya neftini sotib olishni to‘xtatmasa, bojlar yana oshirilishi mumkinligi haqida ogohlantirilgan.

Muzokaralar fonida hind kompaniyalari Rossiya neftini xarid qilishni ba’zida to‘xtatib, ba’zida qisqartirib, keyin yana qayta boshlagan. Bu qarorlarga AQSHning “Lukoyl” va “ Rosneft” kompaniyalariga nisbatan joriy qilgan sanksiyalari ham ta’sir ko‘rsatgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning asosiy eksport nefti bo‘lgan Urals markali neft narxi barreliga taxminan 34 dollargacha pasaygani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Donal'd Tramp neft' Hindiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing