Endi bolalarning uyatsiz videolarini saqlash jinoyat deb topilishi mumkin (video)
Jamiyat
−
03 Oktabr 3914 2 daqiqa
Endi bolalarning uyatsiz videolarini saqlaganlar jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin. Bu haqda bugun, 3 oktyabr kuni Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisida dastlabki tarzda ko‘rib chiqilgan “Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida so‘z boradi.
Unga ko‘ra, Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘isidagi kodeksda 16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan telekommunikatsiya tarmoqlari yoki internetdan foydalanib uytatsiz harakatlar qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda.
Xususan, voyaga yetmaganlar tasvirlangan pornografik videolarni tarqatish maqsadida saqlaganlik uchun ma’muriy javobgarlik, bir yil davomida takrorlangan taqdirda jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.
Shuningdek, voyaga yetmagan ishtirokchilarning huquqlari kafolatlarini kuchaytirish maqsadida voyaga yetmagan guvohning qonuniy vakili instituti joriy etilmoqda. Voyaga yetmagan guvohni yoki jabrlanuvchini so‘roq qilishning bir kun mobaynida umumiy davomiyligi voyaga yetmaganning yoshi va holatidan kelib chiqadi. Jumaladan, 7 yoshgacha bo‘lganlarga tanaffuslarsiz 30 daqiqadan, jami 1 soatdan, 7 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lganlarga tanaffuslarsiz 1 soatdan, jami 2 soatdan, 14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lganlarga tanaffuslarsiz 2 soatdan, jami 4 soatdan oshmasligi belgilanmoqda.
Muhokama jarayonida senatorlar tomonidan ushbu qonun loyihasi jinoyatlarning oldini olishga, sodir etiladigan jinoyatlar uchun jazoning muqarrarligini ta’minlashga, shuningdek, bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qilishi ta’kidlangan. Majlis yakunida kun tartibidagi masala yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ushbu qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining yig‘ilishida muhokama qilingani haqida xabar berilgan edi. Yig‘ilishda aytilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilning 8 oyida voyaga yetmaganlarga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish jinoyati 36 foizga ortgan.
Live
Barchasi