Endi kitob o‘qigan mahkumlarning jazo muddati qisqaradi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda mahkumlar o‘qigan har bir kitob uchun ularning jazo muddati uch kunga qisqarishi belgilanmoqda. Bu haqda bugun, 4 sentyabr kuni Senatning o‘ninchi yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda so‘z boradi.

Qayd etilishicha, qonun jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar bilan olib borilayotgan tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirish, ularning oila va jamiyatdan uzilib qolishini oldini olish, kitob o‘qishini rag‘batlantirish orqali qonunga itoatkor, ma’naviy va axloqiy qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgan.

Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual hamda Jinoyat-ijroiya kodekslariga mahkumlarning jazoni o‘tash muddati ular tuzalish yo‘liga o‘tgani munosabati bilan qisqartirilishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Xususan, Jinoyat kodeksi jazoni o‘tash muddatini shaxs tuzalish yo‘liga o‘tgani munosabati bilan qisqartirishni nazarda tutuvchi 74-1-modda bilan to‘ldirilmoqda.

Bunda mahkumlar tomonidan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan tasdiqlangan, mahkumlarda to‘g‘ri ma’naviy va axloqiy qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgan adabiyotlar ro‘yxatidagi kitoblarni o‘qisa va ushbu kitoblarni o‘qiganligi fakti tasdiqlangan taqdirda jazoni o‘tash muddati har bir o‘qilgan kitob uchun uch kunga, biroq bir yilda ko‘pi bilan o‘ttiz kungacha Komissiyaning xulosasiga asosan sud tomonidan qisqartirilishi mumkinligi belgilanmoqda.

Ushbu norma faqat jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilinishi nazarda tutilgan (umrbod ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinganlardan tashqari) shaxslarga nisbatan tatbiq etilishi belgilanmoqda.
 
Qonunchilikka kiritilayotgan ushbu o‘zgartirishlar bugungi kunda jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan 13,5 mingdan ortiq mahkumlarga nisbatan tatbiq etiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullangan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil fevral oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ushbu qonun loyihasi muhokama etilgani va birinchi o‘qishda qabul qilingani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

kitob Jinoyat kodeksi mahkum

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing