Britaniyada yuzlab mahkumlar xatolik tufayli ozodlikka chiqarildi
Olam
−
25 Oktabr 4049 2 daqiqa
Buyuk Britaniyada 2024 yilning martidan 2025 yilning martigacha bo‘lgan davrda 260 dan ortiq mahkum xatolik bilan ozod qilingan. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 128 foizga ko‘p degani. Bu haqda hukumat statistikasiga tayanib, “Sky News” telekanali xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, xatolik sabab 233 kishi qamoqxonadan, yana 29 nafari sud zalidan ozod etilgan. Bu raqamlar efiopiyalik noqonuniy muhojir Xadush Kebatuning xatolik tufayli ozod qilinishi bilan bog‘liq janjal fonida e’lon qilingan. Kebatu jinsiy jinoyatlar uchun sudlangan va uning ozod qilinishi butun mamlakat bo‘ylab jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘lgan.
Joriy yilning 23 sentyabr kuni Chelmsford magistrlar sudi Kebatuni 14 yoshli qiz va bir ayolga tegajog‘lik qilgani uchun bir yilga qamoq jazosiga hukm qilgan. Keyinchalik uni deportatsiya qilish uchun Ichki ishlar vazirligi xodimlariga topshirish maqsadida qamoqdan ozod etilgan, biroq topshirish jarayonida u yo‘qolib qolgan. Esseks politsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, Kebatu Londonga qochib ketgan.
Kebatu tomonidan joriy yilning iyul oyida sodir etilgan va sud tomonidan isbotlangan tegajog‘lik holatlari Buyuk Britaniya bo‘ylab norozilik namoyishlariga sabab bo‘lgan. Namoyishchilar noqonuniy muhojirlarni mehmonxonalarga joylashtirish amaliyotini bekor qilishni talab qilgan. Aslida, boshpana so‘rovlarini ko‘rib chiqish jarayonida noqonuniy muhojirlar maxsus markazlarda joylashtirilishi kerak, biroq bunday markazlar soni yetarli emas.
Buyuk Britaniya Ichki ishlar vazirligining rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil mart holatiga mamlakat bo‘ylab 210 ta mehmonxonada 32 ming nafar noqonuniy muhojir joylashtirilgan. “The Times” gazetasining yozishicha, boshpana izlovchilarni joylashtirish va ta’minlash britaniyalik soliq to‘lovchilarga yiliga taxminan 4 milliard funt sterlingga tushmoqda. Qirollik hukumati 2029 yilgacha muhojirlarni mehmonxonalarga joylashtirish amaliyotidan butunlay voz kechishga va’da bergan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHda 64 yoshli erkak adolatsiz tarzda 43 yil qamoqda o‘tirganidan so‘ng ozodlikka chiqqach, darhol yana hibsga olingani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi