Endi OTMda super-kontrakt miqdorini rektorlar belgilaydi
Jamiyat
−
22 Sentabr 6672 2 daqiqa
Joriy yilda O‘zbekistonda tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt miqdori oliy ta’lim muassasasi rektorlari (direktorlari) tomonidan belgilanadi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi majlisining tegishli bayoniga muvofiq, 2025/2026 o‘quv yili uchun kirish imtihonlari natijalariga ko‘ra 56,7 va undan yuqori ball to‘plagan, lekin talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlarni bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga qo‘shimcha qabul qilishda tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt miqdorini rektor (direktor) tomonidan mustaqil belgilash quyidagi tartibda amaliyotga joriy etiladi:
- qabul chegaralariga 4,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun belgilangan tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt miqdorlari Vazirlar Mahkamasining joriy yilning 13 sentyabrdagi “Oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan nizom talablariga asosan belgilanadi;
- qabul chegaralariga 4,05 balldan ortiq ball yetmagan abituriyentlar uchun tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt miqdorlari oliy ta’lim muassasalari rektorlari (direktorlari) tomonidan bazaviy to‘lov-kontraktning 3,0 barobaridan kam bo‘lmagan miqdorda belgilanadi.
Barcha oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan joriy yil 25 sentyabrga qadar 2025/2026-o‘quv yili uchun bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va ta’lim shakllari kesimida tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktning minimal miqdorlari tasdiqlanadi va rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
2025/2026-o‘quv yili qabulida tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida tahsil olish istagini bildirgan abituriyentlarga bir yillik o‘qitish qiymatining 50 foizini joriy yilning 31 oktyabriga qadar (shu kuni ham) to‘lashga ruxsat beriladi.
Shuningdek, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish imtihonlari natijasi bo‘yicha tanlovda ishtirok etib, ikkinchi-beshinchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlaridan biri bo‘yicha davlat granti yoki to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlarga o‘z xohishlariga ko‘ra ustuvorligi bo‘yicha tanlagan birinchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishida tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga ruxsat berildi (maqsadli qabul asosida talabalikka tavsiya qilinganlar bundan mustasno).
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025/2026-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalarida kontrakt miqdori oshirilmasligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi