Endi pedagog kadrlar sirtqi ta’limda o‘qitilmaydi
Jamiyat
−
29 aprel 10796 2 daqiqa
O‘zbekistonda endi pedagog kadrlarni tayyorlashda sirtqi ta’lim shakliga qabul amalga oshirilmaydi. Bu kecha, 28 aprel kuni qabul qilingan “Pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi Prezident farmonida belgilangan.
Farmonga ko‘ra, 2025/2026 o‘quv yilidan pedagog kadrlar tayyorlash bo‘yicha:
- pedagog kadrlarni tayyorlash faqat kunduzgi va kechki ta’lim shakli bo‘yicha tashkil etilib, sirtqi ta’lim shakliga qabul amalga oshirilmaydi;
- oliy pedagogik ta’lim yo‘nalishida nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xulosasi asosida amalga oshiriladi.
2025/2026 o‘quv yilidan xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda Universitetning xalqaro ta’lim dasturlari joriy etilgan ta’lim yo‘nalishlarida dars berish uchun professor-o‘qituvchilarni tanlab olish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
2026/2027 o‘quv yilidan alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga ta’lim-tarbiya berish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida “Gospital pedagogika” magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
2026 yil 1 sentyabrdan respublikadagi mavjud pedagogika texnikumlarining o‘quv jarayoniga xalqaro ta’lim dasturlari bosqichma-bosqich joriy qilinadi.
Shuningdek, farmonga ko‘ra, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti negizida Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti tashkil etiladi. Universitet respublikada pedagog kadrlar tayyorlash bo‘yicha yetakchi oliy ta’lim tashkiloti etib belgilandi.
2025/2026 o‘quv yilidan:
- Universitetning boshqaruv tizimi “Yangi O‘zbekiston” universiteti tajribasi asosida tubdan takomillashtiriladi;
- Universitetning mavjud 14 ta fakulteti maqbullashtirilib, 6 ta pedagogika oliy maktablari tashkil etiladi;
- akademik faoliyat raqamlashtirilgan boshqarish tizimi (Learning management system) orqali yo‘lga qo‘yiladi hamda “Oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish” (HEMIS) axborot tizimi bilan integratsiya qilinadi;
- Universitetning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga 1-kursdan xalqaro ta’lim dasturlari bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Live
Barchasi