Endi poraxo‘rlarning ismi “sharmandalar ro‘yxati”ga kiritiladi. Qozog‘istonda!

Olam

image

Qozog‘istonda iqtisodiy jinoyatlarga aloqador shaxslar va kompaniyalar uchun maxsus ochiq reyestr joriy etiladi. Reyestrni shakllantirish qoidalari Qozog‘iston Moliyaviy monitoring agentligi tomonidan tasdiqlandi. Bu haqda “Tengrinews” xabar berdi.

Qayd etilishicha, yangi tizim orqali iqtisodiyot sohasidagi noqonuniy faoliyatga aloqador shaxslar haqidagi ma’lumotlar maxsus ro‘yxatga kiritiladi va bu qoidalar joriy yilning 18 mayidan boshlab kuchga kiradi.

Reyestrga 3 toifadagi shaxslar kiritiladi. Bular – iqtisodiy huquqbuzarlik sodir etgani sud hukmi bilan tasdiqlangan jismoniy shaxslar, iqtisodiy jinoyatlarda aybdor deb topilgan tijorat va notijorat tashkilotlari rahbarlari hamda xodimlari, shuningdek, iqtisodiy jinoyatlarni amalga oshirishda foydalanilgan yuridik shaxslar.

Ushbu reyestr iqtisodiy tergov xizmati rasmiy saytida e’lon qilinadi. Jismoniy shaxslar bo‘yicha familiya, ism, sharif, tug‘ilgan sana, Jinoyat kodeksi moddasi va tergov olib borgan organ ko‘rsatiladi. Yuridik shaxslar uchun esa tashkilot nomi hamda biznes identifikatsiya raqami beriladi. Moliyaviy piramida bilan bog‘liq ishlarda loyiha nomi ham alohida qayd etiladi.

Shuningdek, reyestr har chorakda yangilanib boradi. Ro‘yxatdan chiqarish uchun sudlanganlikning bekor qilinishi yoki muddati tugashi, shaxsning vafoti yoxud muomalaga layoqatsiz deb topilishi, shuningdek, yuridik shaxsni tugatish haqidagi sud qarorining qonuniy kuchga kirishi asoc bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonda korrupsiya jinoyati bilan qamalganlar endilikda shartli-muddatidan oldin ozod qilinmasligi xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston reestr poraxo'rlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing