Endi tilanchilik qilgan xorijliklar quviladi. Qirg‘izistonda!

Olam

image

Endilikda Qirg‘izistonda tilanchilik bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun xorijliklar mamlakatdan chiqarib yuboriladi. Bu haqda kecha, 24 aprel kuni mamlakat Prezidenti Sadir Japarov tasdiqlagan Ma’muriy javobgarliklar to‘g‘risidagi kodeks hamda “Tashqi migratsiya to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi qonunda so‘z boradi.

Unga ko‘ra, xorijiy fuqarolar Qirg‘izistonda bo‘lish tartibini buzganliklari yoki kodeksning 126-moddasining 1- va 2-qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganliklari uchun (qonunchilikda ko‘zda tutilgan ayrim istisnolar bundan mustasno) mamlakatdan chiqarib yuboriladi.

126-moddaning 1-qismiga ko‘ra, yo‘l qatnov qismida tilanchilik qilish, shuningdek, jamoat joylarida pul yoki boshqa moddiy boyliklarni olish maqsadida odamlarni bezovta qilganlar 20–30 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 3 sutkagacha qamoq jazosi bilan jazolanadi. Ushbu harakat bir oy ichida takror sodir etilsa, 30–40 soat jamoat ishlari yoki 3–5 sutka qamoq jazosi qo‘llaniladi.

Qoidabuzarlik xorijiy fuqaro tomonidan bir oy ichida takror sodir etilsa, u mamlakatdan chiqarib yuboriladi. Shuningdek, shaxs tilanchilikka majburlash, tahdid, jismoniy yoki ruhiy zo‘ravonlik sababli qilgan bo‘lsa yoki u odam savdosi qurboni deb topilsa, javobgarlikdan ozod etiladi.

Agar Qirg‘iziston fuqarosi ushbu modda bo‘yicha javobgarlikka tortilsa, ichki ishlar organlari uning yashash sharoitlarini o‘rganish va zarur ijtimoiy yordam ko‘rsatish uchun tegishli ma’lumotlarni ijtimoiy himoya organlariga yuborishi shart.

126-moddaning 2-qismi esa tilanchilikka jalb qilish bilan bog‘liq. Unda keksalar, voyaga yetmaganlar, ruhiy kasalligi bor shaxslar, homilador ayollar yoki nogironligi bor shaxslarni tilanchilikka majburlash 200 hisob ko‘rsatkichi – taxminan 20 ming qirg‘iz somi (taqriban 3 mln o‘zbek so‘mi atrofida) miqdroida jarima bilan jazolanadi. Agar bu harakat xorijiy fuqaro tomonidan bir oy ichida takror sodir etilsa, u mamlakatdan chiqarib yuboriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikistonning Sino tumanida tilanchilik qilib kelgan va sarson-sargardonlikda yashayotgan ikki voyaga yetmagan bola onasidan olib qo‘yilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston xorijlik tilanchilik chiqarib yuboriladi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing