“Siyosatga aralashmaydi”. Japarov yaqinlari nima ish qilishini aytdi
Olam
−
27 aprel 6056 3 daqiqa
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov yaqinlari, xususan kichik o‘g‘li Nurdavlatning davlat ishi, umuman, siyosat bilan shug‘ullanmasligini aytdi. Bu haqda u “Kaktus” nashriga bergan intervyusida so‘z yuritgan.
Joriy yilning 18 aprel kuni kriptomilliarder Jastin San Qirg‘izistonga tashrif buyurgandi. Prezident Japarov esa uni shaxsan qarshilagan. Ularga Japarovning kichik o‘g‘li ham hamrohlik qilgan. Bu ko‘rinish jamoatchilikda Prezidentning farzandi davlat ishlariga aralasha boshlagani haqida fikr uyg‘otgan.
Japarov esa, bu vaziyatga izoh berib, oilasi va qarindoshlari siyosatdan hamda davlat ishlaridan uzoq turishini bildirdi.
“Nafaqat mening farzandlarim, balki umuman oila a’zolarim va qarindoshlarimdan hech kim davlat ishlarida ishtirok etmaydi. Men boshidanoq yaqinlarimga qat’iy aytganman – oldingi prezidentlarning xatolarini takrorlamaymiz! Ular davlat va siyosat bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlar bilan shug‘ullanishadi. Ular orasida Qirg‘izistonga investorlarni jalb qilayotganlar ham bor”, deydi u.
Shuningdek, Japarov kichik o‘g‘li qanday faoliyat bilan shug‘ullanishi haqida ham aytib o‘tgan.
“Kichik o‘g‘limga kelsak, siyosiy jarayonlar va davlat xizmatlari ichida bo‘lganligim sababli, ba’zan bolalarimga yetarlicha e’tibor bermaganmanmi, deb o‘ylab qolaman. Ayniqsa, kichik o‘g‘lim bilan juda kam vaqt o‘tkazganman. Shuning uchun ba’zan Nurdavlat menga hamrohlik qiladi. U ingliz tilini yaxshi bilgani uchun ba’zan tarjimon vazifasini ham bajaradi. Ammo u davlat bilan bog‘liq hech qanday ishda ishtirok etmaydi va davlat muassasalari bilan biznes qilmaydi. Men akalarimni ham lavozimlarga yoki davlat idoralariga yaqinlashtirmayman. Bunga yetarli ta’sir va imkoniyatim bor. Ularning hech biri davlat tuzilmalaridan shaxsiy manfaat uchun foydalanmaydi. Ular foyda keltirishi mumkin, lekin zarar yetkazmaydi”, deydi Japarov.
Davlat rahbari, qolaversa, yaqinlari qanday ish bilan mashg‘ulligiga ham aniqlik kiritib o‘tgan.
“Siz hech qayerda “Prezidentning o‘g‘li yoki qarindoshi u yoki bu davlat idorasini egallab oldi” degan gapni eshitmagansiz va hech qachon eshitmaysiz. Ular xususiy biznes bilan shug‘ullanishadi. Avvallari davlatni bo‘lib olib, birga talon-taroj qilishardi. Biz buning qanday oqibatlarga olib kelishini ko‘rganmiz”, deydi Prezident.
Ma’lumot uchun, Sadir Japarov ko‘p bolali oiladan. Otasining ismi Nurg‘ojo, onasiniki Hadicha bo‘lgan. Japarov o‘z intervyularida ota-onasi qishloqda yashagani va qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullangani haqida gapirgan. Ular 11 nafar farzandni tarbiyalab voyaga yetkazgan. Otasi 2017 yil sentyabr oyida 84 yoshida xastalikdan vafot etgan. O‘shanda Jazoni ijro etish davlat xizmati Sadir Japarovga dafn marosimida qatnashishga ruxsat bermagan. 2019 yil mart oyida onasi vafot etgan va bu safar hukumat Japarovga uni so‘nggi yo‘lga kuzatish uchun ruxsat bergan. Japarovning to‘rt nafar farzandi bor – o‘g‘illari Doston, Rustam, Nurdavlat va qizi Janayim. To‘ng‘ich o‘g‘li Doston 2019 yil avgust oyida yo‘l-transport hodisasi oqibatida vafot etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sadir Japarov Jogorku Kenesh majlisida mamlakat hukumatining korrupsiyaga qarshi keskin choralar ko‘rishini ma’lum qilgandi. Shu bilan birga, u qarindoshlari va farzandlari davlat xizmatida ishlamasligini, davlat organlarida faoliyat yuritmasligini aytgandi.
Live
Barchasi