Endi o‘zbekistonliklar Italiyada 9 oygacha ishlashi mumkin
Jamiyat
−
26 mart 6413 1 daqiqa
O‘zbekiston fuqarolari Italiyaga 3 oydan 9 oygacha bo‘lgan mavsumiy ishlarga borishi mumkin. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston fuqarolarini Italiyaning qishloq xo‘jaligi sohasiga jalb etish bo‘yicha muhim kelishuv imzolangan. Unda Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musayev, Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Italiya Qishloq xo‘jaligi vaziri Franchesko Lollobrijida va “Confagricoltura” tashkiloti vitse-prezidenti Luka Brondelli ishtirok etgan.
Unda o‘zbekistonliklarni Italiyaning agrar sohasiga ishga jalb etish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishilgan. Shuningdek, Migratsiya agentligi hamda Italiyaning “Associazione Imprese Ortofrutticole” tashkiloti o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolangan.
Kelishuvga ko‘ra, o‘zbekistonliklar Italiyaga 3 oydan 9 oygacha bo‘lgan mavsumiy ishlarga jalb etiladi.
Ma’lumot uchun, ushbu assotsiatsiya Italiyada meva-sabzavot sohasidagi 35 dan ortiq yirik kompaniyani birlashtirib, fermerlikdan tortib, qayta ishlash, logistika va eksportgacha bo‘lgan to‘liq agrosanoat zanjirini qamrab oladi. Asosiy mahsulotlari olma, kivi, anor, qulupnay kabi mevalar hisoblanadi.
Assotsiatsiya prezidenti Marko Salvi joriy yilda pilot loyiha doirasida 100 nafar o‘zbekistonlikni ish bilan ta’minlashga tayyor ekanligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbekistonliklar AQSHda mavsumiy ishlarga jalb qilinishi haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi