Prezident tashqi siyosatdan norozi yoxud nafratga nisbatan nazokatga qachon yakun yasaladi?

Tahlil

Bir vaqtlar, to‘g‘rirog‘i, birinchi ma’muriyat davrida xorijda mehnat migratsiyasi bilan shug‘ullanayotgan o‘zbekistonliklarga nisbatan jirkanish bilan muomala qilingan, ularga “dangasa”lar tamg‘asi yopishtirilgan bo‘lsa, bugun davr o‘zgardi. Migrantlar mamlakat iqtisodiyotining asosiy drayveri, lokomativi ekani tan olindi. Ular yo‘llagan pul ochiqlanishi boshlandi. 

Xo‘sh, ularning sharoiti-chi? Qaysi mamlakatda qay ahvolda qolyapti. Huquqlari toptalmayaptimi? Ularga insondek munosabat qilinyaptimi? Davlatning migrantlarning keyingi hayotini yaxshilash borasidagi rejalari qanday? Bu masala kimnidir o‘ylantiryaptimi o‘zi? O‘ylantiryapti, albatta. O‘ylantirganda qandoq. Prezident Shavkat Mirziyoyev Tashqi ishlar vazirligi hamda xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyatiga oid yig‘ilish o‘tkazib, aynan shu masalani ko‘tardi. 

Davlat rahbarining gaplaridan seziladiki, uning Tashqi ishlar vazirligi faoliyati, xususan migrantlar bilan bog‘liq vaziyatdan ko‘ngli to‘lmayapti. 

Prezidentning aytishicha, O‘zbekiston fuqarolarining xorijiy davlatlarda o‘tkazilayotgan turli reydlarda huquqlari buzilayotgani haqidagi xabarlar jamoatchilikda jiddiy norozilik uyg‘otmoqda.  

Davlat rahbari ijtimoiy tarmoqlar, axborot maydonida tarqalayotgan xabarlarni o‘qimaydi, videolarni ko‘rmaydi, desangiz adashasiz. Uning hammasidan xabari borligi aytganlaridan ma’lum. Xorijiy mamlakatlarda o‘zbekistonliklarga nisbatan g‘ayriinsoniy munosabat bo‘layotganidan ham, migrantlar jinoyat qurboniga aylanayotganidan ham yoki ular o‘tirgan restorangacha xavfsizlik kuchlari kirib borib, reyd o‘tkazayotganidan ham xabari bor. 

Ammo, Prezident aksariyat holatlarda Tashqi ishlar vazirligi rasmiy nota berish bilangina cheklanib qolayotganidan norozi. 

“Elchi va konsullar har bir holat yuzasidan malakali yuridik yordam ko‘rsatib,  xorijdagi fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilishi shart”, deydi Prezident.  

Prezident har bir holat tafsilotiga to‘liq to‘xtalmagan bo‘lsa-da, u nimani va qaysi davlatlardagi voqealarni nazarda tutayotganligini anglash qiyin emas. Masalan, 12 dekabr kuni Rossiyaning Xabarovsk shahrida o‘zbekistonlik migrant, o‘zimizning samarqandlik mehnat muhojiri Rossiya kuchishlatar tuzilmalari – Maxsus maqsadli mobil blok, ya’ni OMON tomonidan amalga oshirilgan qiynoq oqibatida jon berdi. Faqat bu haqidagi xabarlar voqea sodir bo‘lganidan 20 kun o‘tib, 2 yanvar kuni Ommaviy axborot vositalariga tarqatildi. Uning jasadi bir oy o‘tib, O‘zbekistonga yuborildi. 

Tashqi ishlar vazirligi toki o‘zbekistonlikning vafoti bilan bog‘liq xabarlar Ommaviy axborot vositalarida tarqalmaguncha, ya’ni 20 kun davomida mum tishlab o‘tirdi. Migratsiya agentliginiku aytmay qo‘ya qolaylik, miq etmadi, go‘yo bu ularga bog‘liq voqea emasdek. 

Hodisa yuzasidan O‘zbekiston Bosh konsulxonasi tomonidan Xabarovsk o‘lkasi Prokuraturasi, Tergov boshqarmasi hamda Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligining Xabarovsk o‘lkasidagi vakolatxonasiga notalar yuborilib, holatni har tomonlama xolisona va qonuniy tartibda o‘rganish so‘raldi.

Gap inson hayoti, bir emas, minglab odamlar taqdiri haqida bormoqda. Birgina o‘lim vaziyatning asl yuzini ifoda eta olmasligi mumkin, ammo ko‘p narsa haqida ishora bera oladi. Shunday vaziyatda O‘zbekistondan Rossiyaga Tashqi ishlar vazirligi darajasida emas, balki konsulxona darajasida nota yuborilishi qanchalik to‘g‘ri, degan savolni “Qalampir” ko‘targandi. Prezident esa faqat nota berish bilan cheklanayotganidan norozi bo‘lyapti. Norozi bo‘lganicha bor, qachongacha tashqi siyosatga mas’ullar andisha, uyat, nazokat bilan siyosat qiladi. 

Migrantlarga nisbatan tahqirlovlarga vaqtida javob bera olmayotganimiz sabab xavfsizlikka mas’ul idoralar tomonidan migrantlar ustidan yuritalayotgan siyosat oddiy odamlarning hayotiga ham ko‘chmoqda. Moskva viloyati, Odinsovo shahri Gorki-2 tumanida tojikistonlik migrant oilaning 10 yashar bolasi Qobiljon Aliyevning 15 yashar o‘quvchi tomonidan o‘ldirilishi shunchaki vahshiylik emas, bu mamlakatda yuritilayotgan antimigrant siyosatning oqibati. Qobiljon o‘rnida o‘zbek bolasi ham bo‘lishi mumkin edi va bunga yaqqol misol o‘zbekistonlik migrantning OMON do‘pposlashi oqibatida o‘lim topishidir. 

Tashqi ishlar vazirligi nota berish bilan cheklanishi masalasiga to‘xtalganda, yana bir masalaga oydinlik kiritib olish kerak. Vazirlik nota berish masalasida ham o‘ta andishali. Rossiyadagi siyosatchilar, siyosiy ekspertlar, kremlparast jurnalist o‘z chiqishlarida o‘zbek millati bo‘lmagani-yu, uni Lenin o‘ylab topgani, O‘zbekiston degan mamlakat Sovet ittifoqi parchalanishi oqibatida yuza kelgani, uning bugungi chegaralari in’om, ne’mat ekani iddao qilinib, bosib olish masalasi ochiq aytilganda ham Tashqi ishlar vazirligi sukut saqlashda davom etadi. Xabaringiz bor, yaqinda telejurnalist va propagandist Vladimir Solovyov Rossiya Ukrainaga qilgan hujumi kabi harbiy amaliyotni Markaziy Osiyoda ham o‘tkazishi kerakligini aytib chiqdi. Ha, u bungacha bo‘lganlaridek, aynan O‘zbekiston nomini tilga olmadi. Lekin, bu bizni aytmadi, deyish uchun asos bo‘lolmaydi.

O‘zbekistonlik taksi haydovchisi Rossiyadagi fuqaro tomonidan aynan O‘zbekiston mustaqilligi arafasida qulsan deb, haqorat qilinganini eslang. Hech kim miq etmadi. Shu voqeaning ertasida Rossiya Tashqi ishlar vaziri O‘zbekistonda Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov tomonidan quchoq ochib kutib olindi, kamiga Ikkinchi jahon urushi qurbonlari xotirasi barpo etilgan xotira maydonida nega rus tilida yozuvlar yo‘qligi borasida dakki ham eshitildi. 

Qani ayting, rossiyalik og‘ziga kuchi yetmaydigan, shovinistik siyosat targ‘ibotchilariga javob qaytarish faqat Qodirov, Qudratxo‘ja, Kusherboyev kabi faollarning ishimi? Qani Tashqi ishlar vazirligi, qani parlament, qani partiyalar? Qani davlat va jamoat tashkilotlari? Yo sizning yashash manzilingiz boshqami? Boshqa pasportingiz bormi? 

Yig‘ilishga qaytaylik. Prezident xorijdagi yoshlar yoki talabalarning hayotidan ham xavotirda.  Prezidentning aytishicha, ularning turli oqimlarga qo‘shilib qolayotgani barchani jiddiy tashvishga solishi kerak.

Bundan buyon elchilar “kabinet diplomatiyasi”dan voz kechib, xorijdagi vatandoshlar ishlayotgan qurilish maydoniga, yotoqxonaga, talabalar auditoriyasiga borib, ularning muammosini o‘rganib,  yechimi bo‘yicha ishlashi shartligini aytdi, davlat rahbari. 

Mutasaddilarga xorijda og‘ir vaziyatga tushib qolgan fuqarolar uchun bepul Koll-markaz tashkil etib, murojaatlarini tegishli vazirliklar bilan tezkor hal qiladigan tizim yaratish topshirildi.

Davlat rahbari xorijda noqonuniy bo‘lib turgan fuqarolar borligidan ham tashvish bildirdi. Uning qayd etishicha, o‘tgan yili Rossiyada 150 mingdan ziyod fuqaroga “migratsiya amnistiyasi”ni qo‘llashga erishilgan. Boshqa mamlakatlarda ham o‘zbekistonliklarga qonuniy asosda ishlashlariga ko‘maklashuv, bu borada xorijiy tomonlar bilan muzokaralarni faollashtirish, shu bilan birga fuqarolar ham o‘zlari bo‘lib turgan mamlakat qonunchiligi talablariga rioya qilishi lozimligi aytildi.  

Bundan buyon migratsiya oqimi ko‘payib borayotgan davlatlar, ayniqsa, Yevropada mehnat migrantlari bilan ishlash elchixonalardagi konsullarning asosiy vazifasi bo‘ladi. Shuningdek, chet eldagi fuqarolarni konsullik hisobiga qo‘yish tartibini yanada soddalashtirish, ortiqcha byurokratiyani qisqartirish topshirildi.

O‘tgan yili AQSH hukumati qishloq xo‘jaligi ishchilari uchun maxsus viza olishni soddalashtirdi. O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi Furqat Siddiqovga AQSHdagi mavsumiy ishchilar jalb qilinadigan davlatlar ro‘yxatiga O‘zbekistonni kiritish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish topshirildi. Har bir elchi xorijda yuqori daromadli ish o‘rinlarini topish, aholini shunga mos kasb va tilga o‘qitishga ham mas’ul bo‘ladi. Bu borada Yaponiya, Shvetsiya, Norvegiya, Bolgariya, Avstriya, Xorvatiya, Sloveniya, Serbiya, Gretsiya va O‘mon bilan migratsiyaga oid hukumatlararo va idoralararo bitimlarni imzolash muhim.

Chetdan ishchi kuchini faol jalb etayotgan Avstriya, Fransiya, Ispaniya, Italiya, Chexiya, Saudiya Arabistonidagi elchilarning mazkur yo‘nalishdagi ishlari qoniqarsiz.

Tahlillarga ko‘ra, bugungi kunda Shvetsiya, Daniya va Norvegiyada 300 ming ishchilarga ehtiyoj bor.  Mutasaddilarga Shvetsiya, Daniya va Norvegiya bilan kelishuvga erishib, fuqarolarni yuqori daromadli ish o‘rinlariga yuborish aytildi. Umuman, Shvetsiya va Latviyadagi elchilar bilan birgalikda Nordik davlatlar bilan tashqi mehnat migratsiyasi borasida hamkorlik dasturini ishlab chiqish topshirildi.

Prezidentning aytishicha, jahonda bo‘layotgan geosiyosiy o‘zgarishlar, xalqaro munosabatlar tizimidagi beqarorlik, mintaqaviy qarama-qarshiliklar va global iqtisodiy transformatsiyalar har bir davlatdan tashqi siyosatni doimiy ravishda qayta ko‘rib chiqishni, uni milliy manfaatlar va zamon talablariga moslashtirib borishni taqozo qilmoqda. Lekin davlat rahbari qaysi voqealarni nazarda tutgani ma’lum emas. Rasmiy Toshkent odatda jahondagi urushlar nomini tilga olmay munosabat ko‘rsatadi.

Yaqinda davlat rahbari Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida mamlakat Mudofaa doktrinasi va Milliy xavfsizlik konsepsiyasi o‘zgarishga muhtoj ekanligini aytgandi. Endi navbat Tashqi siyosat faoliyati konsepsiyasiga. Prezidentga ko‘ra, ushbu konsepsiyani ham yangilab, uning ustuvor yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqish, milliy manfaatlarni himoya qilish va xalqaro maydonda mamlakatning o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan aniq vazifalarni belgilab olish zarur. 

O‘zbekistonning barcha diplomatlari joriy yilda ham xalqaro aloqalar jadvalida yuqori faollikni saqlab qolish, tashqi siyosiy kun tartibi yanada sermazmun bo‘lishi uchun jiddiy sa’y-harakat qilishi zarur. Oliy darajadagi tashriflarga bir oy qolganda emas, ancha oldin tayyorgarlik ko‘rish, puxta ishlanmagan shartnomalar ertaga istiqbolsiz loyihaga aylanishi yoki investorlar yillar davomida sarson bo‘lib yurishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak.  

Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari lavozimiga kelganidan buyon Buyuk Britaniya, Ispaniya, Indoneziya, Avstraliya, Braziliya, Kanada kabi yirik davlatlar bilan oliy darajadagi tashriflar haligacha amalga oshirilmadi. Yig‘ilishda Prezident mana shu masalaga alohida e’tibor qaratib, aloqalar sust bo‘lib qolayotgan davlatlar bilan hamkorlikni jonlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmaganiga e’tiroz bildirdi. Oliy darajadagi xorijiy tashriflarga tayyorgarlik sifatini oshirish, Tashqi ishlar vazirligining strategik tahlil va rejalashtirish salohiyatini kuchaytirish vazifasi qo‘yildi.

Uning aytishicha, endi yangicha ruhda ishlaydigan va aniq natijalarga erishadigan,  O‘zbekiston manfaatlarini xalqaro miqyosda qat’iy himoya qiladigan chin vatanparvar diplomatlar davri keldi.  


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Prezident Rossiya Migrantlar Shavkat Mirziyoev Tashqi ishlar vazirligi Evropa O'zbekiston Moskva Xabarovsk Baxtiyor Saidov Qodirov Markaziy Osiyo Kusherboev Migratsiya agentligi OMON Qobiljon Aliev Xorijiy mamlakatlar Sovet ittifoqi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing