Eng qimmat mamlakat maqomi Shveysariyadan boshqa davlatga o‘tdi
Bu qiziq
−
28 may 10109 2 daqiqa
Islandiya dunyoning eng qimmat davlatlari reytingida birinchi o‘ringa chiqib oldi. Tahlilchilarning ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda mamlakatdagi narxlar Yevropadagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 84 foizga yuqori. Bu haqda “Iceland Monitor” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Islandiya yashash uchun dunyodagi eng qimmat mamlakatga aylangan. Mamlakatdagi narx-navo darajasi va iqtisodiy vaziyatni o‘rgangan Viska kompaniyasi tahlilchilari shunday xulosaga kelgan.
Tadqiqot ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Islandiyada narxlar Yevropaning 27 ta davlatidagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 84 foizga baland. Tahlilchilarning ta’kidlashicha, ushbu mamlakat yashash qiymati bo‘yicha dunyodagi eng qimmat 10 ta davlat ro‘yxatidagi aksariyat mamlakatlardan sezilarli darajada o‘zib ketgan.
Vaholanki, so‘nggi 30 yil ichida Islandiya va Yevropa o‘rtasidagi o‘rtacha narxlar farqi taxminan 42 foizni tashkil etardi. Endilikda esa bu farq qariyb ikki baravarga ortgan.
Tovarlar narxidagi farq Shimoliy Yevropaning boshqa mamlakatlari bilan solishtirilganda ayniqsa yaqqol ko‘zga tashlanadi. Islandiyada oziq-ovqat mahsulotlari o‘rtacha 44 foizga, go‘sht mahsulotlari esa 71 foizga qimmatroq. Avtomobillar mamlakat aholisiga mintaqadagi qo‘shnilariga qaraganda taxminan 40 foizga qimmatroqqa tushmoqda.
Ekspertlarning fikricha, yuqori ish haqlari bunday qimmatchilikni to‘liq oqlay olmaydi. Ularning hisoblashicha, vaziyatga yuqori import bojlari va bozordagi zaif raqobat ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, tahlilchilar Islandiyada narxlar hozirgi kunda Yevropa iqtisodiy hududi mamlakatlaridagiga qaraganda ikki baravar tezroq o‘sayotganiga e’tibor qaratgan. Shu bilan birga, islandiya kronasining kursi hozircha nisbatan barqaror (kuchli) bo‘lib qolmoqda.
Viska kompaniyasi agar inflyatsiya nazoratga olinmasa, yaqin orada mamlakatda xarid qobiliyatining pasayishi, kronaning qadrsizlanishi va eksport ko‘rsatkichlarining yomonlashishi kutayotganidan ogohlantirgan.
“Islandiyada narxlar haddan tashqari yuqorilab ketdi”, deyiladi tadqiqot xulosasida.
Ma’lumot uchun, 2025 yilning kuzida Islandiya dunyodagi eng qimmat non sotiladigan mamlakatlar ro‘yxatidan joy olgan. Bundan tashqari, ushbu reytingdagi kuchli o‘nlikdan Bermud orollari, Kayman orollari, Monako va Bagama orollari ham o‘rin egallagan.
Eng arzon non narxlari bilan esa Tunis, Esvatini, Afg‘oniston, Liviya, Chad, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Ozarbayjon davlatlari maqtana oladigan darajadagi ko‘rsatkichlarni qayd etgan.
Live
Barchasi