Ko‘chib o‘tish uchun eng yaxshi davlatlar reytingi e’lon qilindi
Bu qiziq
−
28 may 12715 2 daqiqa
“Remitly” kompaniyasi yillik “Immigratsiya indeksi”ni e’lon qildi. Unda 82 ta davlat 34 ta ko‘rsatkich, jumladan, yashash qiymati, daromad darajasi, sog‘liqni saqlash, xavfsizlik, ta’lim va umumiy hayot sifati bo‘yicha baholandi.
Ikkinchi o‘rindan yuqoriga ko‘tarilgan Shveysariya 2026 yilning mutlaq yetakchisiga aylandi. Mamlakat dunyodagi eng yuqori daromad topish imkoniyatlari, qulay tibbiyot, yuqori xavfsizlik standartlari va rivojlangan infratuzilmasi tufayli birinchi pog‘onani egalladi. Xalqaro maktablarning mavjudligi va barqaror energiya ta’minoti unga qo‘shimcha ustunlik taqdim etgan.
“Kumush” medal bir yil avval birinchi o‘rinni egallagan Islandiyaga nasib etgan. Mamlakat daromad, xavfsizlik va ekologiya bo‘yicha kuchli mavqeini saqlab qolgan bo‘lsa-da, xalqaro maktablar sonining qisqargani sababli yetakchilikni boy bergan.
Kuchli uchlikni yuqori daromad, xavfsizlik va a’lo darajadagi jamoat transporti tufayli Lyuksemburg yakunlab bergan. Kuchli beshlikka Yevropadan tashqaridagi davlatlardan faqat Avstraliya (4-o‘rin) kira olgan – bunga immigrantlarga bo‘lgan mehmondo‘st munosabat hamda tabiat va hordiqqa yo‘naltirilgan hayot tarzi sabab bo‘lgan. Beshinchi o‘rinni esa Yevropaning eng yirik iqtisodiyotida karera istiqbollarini izlayotganlar uchun ishonchli tanlov sifatida Germaniya egallagan.
Eng yaxshi 10 talik quyidagicha:
- Shveysariya;
- Islandiya;
- Lyuksemburg;
- Avstraliya;
- Germaniya;
- Irlandiya;
- AQSH;
- Daniya;
- Norvegiya;
- Ispaniya.
Oilalar uchun muhim bo‘lgan ko‘rsatkichlar – ta’lim sifati, tug‘uruq ta’tillari, bolalar muassasalarining qulayligi va xalqaro maktablarning mavjudligi bo‘yicha Ispaniya birinchi o‘rinni egallagan. Bu mezon bo‘yicha kuchli o‘nlikdan, shuningdek, Xitoy, AQSH, Shri-Lanka, BAA, Avstraliya, Bangladesh, Buyuk Britaniya, Islandiya va Xorvatiya joy olgan.
Ish haqi va yashash qiymati nisbati bo‘yicha Saudiya Arabistoni yetakchilik qilmoqda – u yerda nisbatan past xarajatlar fonida yuqori daromad olish mumkin. Yevropa mamlakatlari orasida esa eng yaxshi mutanosiblik Norvegiya (4-o‘rin) va Daniyada (5-o‘rin) kuzatilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Islandiya dunyoning eng qimmat davlatlari reytingida birinchi o‘ringa chiqib olgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi