Erdo‘g‘an Kiyev va Moskvani muzokaralarni qayta boshlashga chaqirdi
Olam
−
20 noyabr 1358 2 daqiqa
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Moskva va Kiyevni Istanbulda to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarga qaytishga chaqirdi. Kecha, 19 noyabr kuni Anqarada Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida Erdo‘g‘an bu muzokaralar “urushning har ikki tomon uchun halokatli oqibatlarini” hisobga olgan holda juda muhim ekanini ta’kidladi.
Erdo‘g‘anning aytishicha, u Zelenskiy bilan uchrashuvda Istanbul jarayonini “pragmatik va natijaga qaratilgan yondashuv asosida” davom ettirish zarurligini ta’kidlagan. Turkiya rahbariga ko‘ra, bu muzokaralar “urushning vayronkor oqibatlari har ikki taraf uchun kuchaygan bir paytda diplomatik sa’y-harakatlarning muhim bosqichi” hisoblanadi. Shuningdek, Anqara barcha hamkorlardan Istanbul jarayonini qayta yo‘lga qo‘yish uchun “konstruktiv yondashuv” kutayotganini bildirdi. Erdo‘g‘an qo‘shimcha qilib, Turkiya doimo Moskva bilan tinchlik takliflarini muhokama qilishga tayyorligini va bu jarayonda AQSH ishtirokini qadrlashini aytdi.
Press-konferensiyada Vladimir Zelenskiy Erdo‘g‘anning muzokaralar haqidagi pozitsiyasini qo‘llab-quvvatladi.
“Biz Turkiya diplomatiyasining kuchiga, uning Moskvada yaxshi tushunilishini umid qilamiz”, dedi u.
Batafsil ma’lumot bermasdan, u Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi kontekstida “ko‘plab jarayonlar” jadallashganini qayd etdi.
“Biz barcha faoliyat aynan tinchlikka, munosib tinchlikka, kafolatlangan xavfsizlikka qaratilgan bo‘lishini ta’minlashga harakat qilyapmiz. Urush tugashi kerak. Tinchlikning alternativi yo‘q. Rossiya tushunishi kerakki, urush uchun, o‘ldirishlar uchun hech qanday mukofot bo‘lmasligi kerak”, dedi Ukraina prezidenti.
Zelenskiy, shuningdek, Kiyev Rossiya bilan asirlar almashinuvi jarayonini tiklash uchun harakat qilayotganini bildirdi.
“Umid qilamizki, yil oxirigacha almashinuvlar qayta boshlanadi va ko‘plab asirlarni qaytarib olamiz. Turkiya bu borada bizga katta yordam beryapti”, dedi u.
Uning ta’kidlashicha, Turkiyani “ko‘ngillilar koalitsiyasi”ga, ayniqsa dengiz xavfsizligi bilan bog‘liq yo‘nalishga jalb etish juda muhim.
“Hamma Qora dengizda xavfsizlik axamiyatini tushunadi. Bunday xavfsizlikni faqat Turkiya bilan birgalikda ta’minlash mumkin”, deya qo‘shimcha qildi Zelenskiy.
Live
Barchasi