Erdo‘g‘an Markaziy Osiyoga kelmoqchi
Olam
−
25 mart 11750 2 daqiqa
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an joriy yilning 14 may kuni Qozog‘istonga rasmiy tashrif bilan keladi. Bu haqda “Tengrinews” xabar berdi.
Qayd etilishicha, kecha, 24 mart kuni Erdo‘g‘an Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan telefon orqali muloqot qilgan. Suhbat boshida To‘qayev va Turkiya yetakchisi Ramazon hayiti hamda Navro‘z bayrami munosabati bilan bir-birini qutlagan.
Shuningdek, Erdo‘g‘an To‘qayevni Qozog‘istonda umumxalq referendumi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani va yangi Konstitutsiya qabul qilingani bilan tabriklagan. U buni mamlakat rahbarining oqilona va qat’iy siyosati natijasi sifatida baholagan. Qolaversa, Qozog‘istonning rivojlanishiga hamda ichki va xalqaro salohiyatini mustahkamlashga kuchli turtki berishiga ishonch bildirgan.
To‘qayev esa turk kuzatuvchilariga referendum jarayonidagi faol ishtiroki va yordami uchun minnatdorlik bildirgan.
Erdo‘g‘an 14 may kuni rejalashtirilgan Qozog‘istonga davlat tashrifi, shuningdek, Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashi yig‘ilishi va Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitiga alohida ahamiyat qaratishini bildirgan.
To‘qayev ushbu uchrashuvlar ikki tomonlama strategik hamkorlikni yanada rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab, Turkiston shahrida o‘tkaziladigan turkiy davlatlar rahbarlari sammitiga katta umid bog‘layotganini bildirgan.
Shuningdek, u Turkiya prezidentining Qozog‘istonga tashrifi qozog‘istonliklar tomonidan iliq kutib olinishini qayd etgan.
Erdo‘g‘an To‘qayevni aprel oyida Antaliyada o‘tadigan diplomatik forumda ishtirok etishga taklif qilgan. Mazkur taklif minnatdorlik bilan qabul qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq dunyoning qator mamlakatlari yetakchilari, jumladan, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Navro‘z ayyomi bilan tabriklagandi.