Erdo‘g‘an Putin bilan Erondagi urushni muhokama qildi
Olam
−
04 aprel 2144 1 daqiqa
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbatda Erondagi urushni muhokama qildi. Bu haqda Kreml xabar berdi.
Qayd etilishicha, tomonlar davom etayotgan qurolli to‘qnashuvlar nafaqat mintaqa, balki global miqyosda ham jiddiy salbiy oqibatlarga olib kelayotganini aytgan. Xususan, energiya bozori, savdo aloqalari va logistika tizimlari bu jarayondan zarar ko‘rmoqda.
Davlat rahbarlari imkon qadar tezroq o‘t ochishni to‘xtatish va barcha davlatlarning qonuniy manfaatlarini inobatga olgan holda o‘zaro maqbul tinchlik yechimlarini ishlab chiqish zarurligini qayd etgan.
Muloqot chog‘ida Ukraina atrofidagi vaziyat ham kun tartibidan o‘rin olgan. Putin Erdo‘g‘anning muzokaralar jarayoniga ko‘maklashishga doim tayyor ekanini yuqori baholagan.
Shu bilan birga, Rossiya va Turkiyani bog‘lovchi gaz transport infratuzilmasiga zarba berishga urinishlar fonida, tomonlar mintaqada xavfsizlikni ta’minlash uchun muvofiqlashtirilgan choralar ko‘rish muhimligini ta’kidlagan.
Shuningdek, suhbat davomida ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy, savdo va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari ham muhokama qilingan. Xususan, energetika sohasidagi qo‘shma strategik loyihalarni amalga oshirishni davom ettirish rejalari ko‘rib chiqilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon bilan telefon orqali suhbatlashgandi.