Pezeshkiyon AQSH bilan muzokaralarni boshlashga topshiriq berdi
Olam
−
09:04 2058 2 daqiqa
Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon AQSH bilan muzokaralarga tayyorgarlik boshlanganini ma’lum qildi. Bu haqda u o‘zining X sahifasida yozib qoldirdi.
Pezeshkiyonning aytishicha, u Davlat kotibiga (ya’ni, tashqi siyosat bo‘yicha mas’ul shaxsga) AQSHning muzokaralar haqidagi taklifiga javob berishni topshirgan va bu muzokaralar “adolatli va xolis” bo‘lishi kerakligini uqtirgan. Muzokaralar Eron uchun muhim bo‘lgan tamoyillarga – qadr-qimmat, donolik va manfaatni hisobga olish asosida olib borilishi lozimligini ta’kidlagan.
Prezident shuningdek, har qanday muloqot Eronning milliy manfaatlarini inobatga olgan holda qurilishi kerakligini aytgan. Uning fikricha, muzokaralar faqat tahdidlar bo‘lmagan, bosim va “asossiz talablar”siz qulay siyosiy muhit shakllangandagina mumkin.
Shu bilan birga, Eron TIV matbuot kotibi Ismoil Bag‘aiyning aytishicha, Tehron va Vashington o‘rtasidagi ehtimoliy muzokaralar yaqin kunlarda Turkiyada bo‘lib o‘tishi mumkin. Uning fikricha, Eron uchun asosiy masala – AQSH va G‘arb tomonidan joriy qilingan sanksiyalarning bekor qilinishidir.
Bundan oldin AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron tomonga Abraham Lincoln aviatsiya tashuvchisi boshchiligida katta harbiy flot yuborilganini e’lon qilgan edi. Tramp Eronni yadroviy quroldan voz kechgan holda “adolatli va teng huquqli” kelishuv tuzishga chaqirgan va aks holda 2025 yil yozidagidan ham kuchliroq hujum bo‘lishi mumkinligi bilan tahdid qilgan.
Bunga javoban Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi AQSH tahdidlarni davom ettirar ekan, Eron to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarga bormasligini aytgan.
Live
Barchasi