Eron Hormuz bo‘g‘ozini yana yopib qo‘ydi

Olam

image

Eron Isroilning Livanga qilgan hujumlariga javoban Hormuz bo‘g‘ozini yopdi. Bu haqda kecha, 8 aprel kuni “Fars” xabar berdi.

Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) bilan aloqador bo‘lgan “Fars”ning xabar berishicha, 8 aprel kuni ikkita neft tankeri Eron ruxsati bilan bo‘g‘oz orqali o‘tgan bo‘lsa-da, endilikda harakat to‘xtatilgan.

Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi Isroil tomonidan amalga oshirilgan aviazarbalar to‘lqini oqibatida kamida 112 kishi halok bo‘lgani va 837 kishi jarohatlanganini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil mudofaa armiyasi (SAXAL) hozirgi keskinlik boshlanganidan beri “Hizbulloh” ob’ektlariga eng yirik zarbalar seriyasini bergani ma’lum bo‘lgan edi.

Joriy yilning 7 aprel kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp AQSH va Eron Pokiston iltimosiga binoan 2 haftalik sulhga erishgani haqida e’lon qildi. Tramp Eron Hormuz bo‘g‘ozini to‘liq, darhol va xavfsiz ochishga rozi bo‘lishi sharti bilan Eronga qarshi bombardimon va hujumlarni ikki hafta muddatga to‘xtatishga rozi ekanini bildirgan. Shuningdek, u Erondan 10 banddan iborat taklif olganini va uni muzokaralar olib borish uchun maqbul asos deb hisoblashini qayd etgan. 

Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif Eron va AQSH rozi bo‘lgan o‘t ochishni to‘xtatish “Livanda va hamma joyda” amal qilishi kerakligini aytgandi. Biroq Isroil bu bayonotni rad etmoqda. Xususan, sulh e’lon qilingandan keyin ham Livan janubida joylashgan Al-Kalaila aholi punkti yaqinida Isroil droni tez yordam mashinasiga zarba berdi. Hujum oqibatida to‘rt kishi halok bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Isroil Hormuz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing