Eron Hormuz orqali o‘tishning yangi qoidalarini joriy qildi
Olam
−
23 mart 11108 2 daqiqa
Bugun, 23 mart kuni Eron Mudofaa kengashi Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tishning yangi qoidalari joriy etilganini e’lon qildi va Fors ko‘rfazidagi dengiz yo‘llarini minalashga tayyorligini yana bir bor eslatib o‘tdi. Bu haqda IRNA xabar berdi.
Hujjatga ko‘ra, dunyoning asosiy neft arteriyasi orqali xavfsiz o‘tish huquqi endi bevosita Eron rasmiylari bilan hamkorlik darajasiga bog‘liq bo‘ladi.
“Mojaroda ishtirok etmayotgan davlatlar o‘z kemalari xavfsizligini ta’minlash uchun Eronning vakolatli organlari bilan to‘liq muvofiqlashtirish jarayonidan o‘tishlari shart”, deyiladi xabarda.
Kengash, shuningdek, Eron orollari yoki sohillariga qarshi har qanday tajovuz urinishi sodir bo‘lgan taqdirda, Eron harbiylari Fors ko‘rfazidagi barcha kirish yo‘llari va aloqa liniyalarini keng ko‘lamda minalashga kirishishini bildirgan.
“Bu maqsadda zamonaviy dengiz minalaridan, jumladan, qirg‘oqdan qo‘yib yuboriladigan suzuvchi minalardan foydalanish rejalashtirilgan”, deya aniqlik kiritgan Kengash.
Bayonotda aytilishicha, ushbu ssenariy amalga oshirilgan taqdirda, Fors ko‘rfazi uzoq muddatga amalda yopiq hududga aylanadi va oqibatlar, jumladan, xalqaro kema qatnovining bloklanishi uchun barcha mas’uliyat tahdid tashabbuskori zimmasiga yuklanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Mudofaa kengashi AQSH Eron sohillariga yoki orollariga hujum qilgan taqdirda, Fors ko‘rfazidagi barcha dengiz yo‘llarini minalab tashlashini ma’lum qilgan edi. Keyinchalik AQSH Prezidenti Donald Tramp so‘nggi ikki kun ichida Eron tomoni bilan muzokaralarda ishtirok etganini va shundan so‘ng hujumlarni besh kunga kechiktirganini aytdi.
Live
Barchasi