Eron AQSH bilan navbatdagi muzokaralarda ishtirok etmaydi

Olam

image

Tehron AQSH bilan muzokaralarning ikkinchi bosqichida ishtirok etishdan voz kechdi. Bu haqda Eronning davlat axborot agentligi IRNA xabar berdi.

AQSH va Eron o‘rtasida 8 aprel kuni tuzilgan vaqtinchalik sulh 21 aprel kuni yakuniga yetadi. Avvalroq, AQSH Prezidenti Donald Tramp Amerika vakillari Islomobodga yo‘l olganini va u yerda Eron bilan yangi muzokaralar o‘tkazilishini ma’lum qilgan edi.

Eron tomonining bildirishicha, Tehron AQSH bilan muzokaralarning ikkinchi bosqichida umuman ishtirok etishni xohlamaydi va qatnashmaydi ham.

Xabarda aytilishicha, AQSHning haddan tashqari talablari, noreal va asossiz da’volari, pozitsiyalarni tez-tez o‘zgartirishi, doimiy ziddiyatlari hamda Hormuz bo‘g‘ozida davom etayotgan dengiz blokadasi muzokaralarning rivojlanishiga to‘sqinlik qilmoqda. Bunday sharoitda samarali muloqot uchun imkoniyat yo‘q.

Shuningdek, “Tasnim” ham Tehronning muzokaralardan bosh tortganini ma’lum qilgan. Unga ko‘ra, Eron vakillari AQSH Hormuz bo‘g‘ozidagi blokadani saqlab turgan paytda muzokaralarning ikkinchi bosqichiga qo‘shilmoqchi emas.

AQSH va Eron o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarning birinchi bosqichi 11 aprel kuni Pokiston vositachiligida o‘tkazilgan, biroq tomonlar muhim masalalar bo‘yicha kelisha olmagan. Eron yangi muzokaralarga rozi bo‘lishni AQSH o‘z majburiyatlarini bajarishi, jumladan Eron portlariga qo‘yilgan blokadani bekor qilishi bilan bog‘lamoqda. Tehron bu harakatni sulh shartlarini buzish deb hisoblaydi.

AQSH 13 apreldan boshlab Hormuz bo‘g‘ozida blokada o‘rnatgan. Tehron esa bu chorani “muvaffaqiyatsizlikka mahkum” deb atagan. Bunga boshqa davlatlar ham qarshi chiqqan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 18 aprel kuni Eron AQSH tomonidan davom etayotgan dengiz blokadasi sabab Hormuz bo‘g‘ozi yana yopilganini ma’lum qilgandi. Tehronning ta’kidlashicha, Eron ilgari erishilgan kelishuvlarga amal qilgan holda va halol yondashuv asosida Hormuz bo‘g‘ozi orqali cheklangan miqdordagi neft va savdo kemalarining nazorat ostida o‘tishiga ruxsat bergan. Biroq AQSH yana“xiyonatkorlik” ko‘rsatib, blokada niqobi ostida dengizdagi noqonuniy harakatlarni davom ettirmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Donal'd Tramp

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing