Eron AQSHning F-35 qiruvchi samolyotini urib tushirdi
Olam
−
10:05 3026 1 daqiqa
Kecha, 10 mart kuni Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) AQSHning F-35 qiruvchi samolyotini urib tushirganini va unga jiddiy shikast yetganini e’lon qildi. Bu haqda IIQK bayonotiga tayanib “Fars” xabar berdi.
“Bugun ertalabki soat 02:50 da AQSH armiyasining F-35 qiruvchisi IIQK aerokosmik kuchlarining yangi, zamonaviy havo hujumidan mudofaa tizimi tomonidan urib tushirildi va jiddiy shikastlandi”, deyiladi xabarda.
Qo‘riqchilar korpusining ta’kidlashicha, samolyot Eronning markaziy qismida nishonga olingan. Uning taqdiri noma’lumligicha qolmoqda.
Eron harbiylarining so‘zlariga ko‘ra, bu Eron havo hujumidan mudofaa tizimlari tarixda ilk bor bunday turdagi samolyotni urib tushirishidir.
Eron davlat teleradiokompaniyasi o‘zining Telegram-kanalida samolyotning urib tushirilgani aytilayotgan videolavhani e’lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil, AQSH va Eron o‘rtasidagi mojaroning keskinlashuvi fonida Eron harbiylari “Haqiqiy va’da-4” operatsiyasining 61-to‘lqini doirasida Isroilning eng yirik shahri – Tel-Avivga misli ko‘rilmagan zarbalar bergan edi.