Senat Trampning harbiy vakolatlarini cheklashdan bosh tortdi
Olam
−
08:55 3293 2 daqiqa
AQSH Senati qonunchilarning Prezident Donald Trampning Eronga qarshi harbiy harakatlarini cheklash bo‘yicha ikkinchi urinishini rad etdi va harbiy vakolatlar to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatlamadi. Hujjat uchun 47 senator ovoz berdi, 53 nafari esa qarshi chiqdi. Bu haqda “Politico” xabar berdi.
Demokratlar tomonidan taklif etilgan tashabbus ma’muriyatdan AQSHning mojarodagi ishtirokini Kongress roziligisiz to‘xtatishni talab qilgan. Mart oyi boshidagi kabi rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatlagan yagona respublikachi Kentukkidan Rend Pol bo‘lgan, demokratlar orasida esa Pensilvaniya senatori Jon Fetterman qarshi ovoz bergan.
Demokratlar Tramp konstitutsiyaga zid urush olib borayotganini ta’kidlab, Pentagon rahbari Pit Hegset va Davlat kotibi Marko Rubiodan kampaniyaning maqsadlari, vazifalari va xarajatlarini tushuntirib berishlari uchun ochiq eshituvlar o‘tkazishni talab qilmoqda.
“Biz amerikaliklar loyiq bo‘lgan ochiq javoblarni olmagunimizcha, ularni qayta-qayta ovoz berishga majbur qilishda davom etamiz”, deydi senator-demokrat Tim Keyn.
O‘z navbatida, respublikachi senator Tom Kotton rezolyutsiyani zararli deb atab, u Trampga “Eronning harbiy salohiyatini zaiflashtirish vazifasini yakunlashga” to‘sqinlik qilishini aytgan.
Demokratlar harbiy vakolatlar bo‘yicha allaqachon oltita rezolyutsiya kiritgan. Bu hujjatlar protsessual xususiyatlari tufayli standart 60 ta ovozli to‘siqni chetlab o‘tib, tezlashtirilgan ovoz berish imkonini beradi. Bu ozchilikka Senat ishini cho‘zish, jumladan, respublikachilar uchun ustuvor bo‘lgan, ovoz berish qoidalarini kuchaytiruvchi Trampning SAVE America Act qonun loyihasini ko‘rib chiqishni to‘sib qo‘yish imkonini beradi.
Respublikachilar Trampni qo‘llab-quvvatlayotganiga qaramay, so‘rovnomalar Erondagi urush ommabop emasligini ko‘rsatmoqda — amerikaliklarning atigi 29 foizi zarbalarni ma’qullaydi. Demokratlar 13 nafar amerikalik harbiyning hayotiga zomin bo‘lgan va ko‘p milliardlik xarajatlarni talab qilayotgan mojaroning cho‘zilishi respublikachilarni o‘z pozitsiyalarini qayta ko‘rib chiqishga majbur qiladi deb umid qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pentagon Oq uydan Eronga qarshi urushni moliyalashtirish uchun Kongressga 200 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratish so‘rovi bilan murojaat qilishni ma’qullashni so‘ragani haqida xabar berilgan edi.